O‘zbekistonda band aholining 55 foizi rasmiy ishda faoliyat yuritmoqda

2025-yil yanvar – iyun oylarida O‘zbekistonda ishsizlik darajasi 5,1 foizni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich yil boshiga nisbatan 0,4 foiz punktga kamaydi. Bu haqda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lum qildi.
Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalari asosida o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, mamlakatdagi mehnat resurslari 20,3 mln kishini tashkil etadi. Ulardan 15,4 mln nafari iqtisodiy faol aholi bo‘lib, 14,6 mln kishi band, 781,6 ming kishi ishsiz.
Bandlarning 55 foizi (8 mln) rasmiy, 33 foizi (4,8 mln) norasmiy ishda, 12 foizi (1,8 mln) esa xorijda ishlamoqda. Norasmiy band fuqarolar soni 13,6 foizga kamaygan, rasmiy band aholi esa 19 foizga oshgan.
Iqtisodiy nofaol aholining asosiy qismini ta’lim olayotganlar (2 mln), bola parvarishidagi ayollar (2,2 mln) va ishlash istagi yo‘q yoki imkoniyati bo‘lmaganlar (0,8 mln) tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq texnik xatolik sabab 30,1 ming soliq to‘lovchidan pul yechib olingani haqida yozgan edik.