
O‘zbekistonda Eaten.uz nomli onlayn platforma ishga tushirildi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi ma’lim qildi.
Platforma sayyohlarga mahalliy oshxonani kashf etish va gastronomik sayohatlarni rejalashtirish imkonini beradi. Hozircha servis Samarqand shahri va Urgut tumanini qamrab olgan.
Platforma orqali sayyohlar mahalliy aholining uyida tayyorlangan milliy taomlarni tatib ko‘rishi, ularni tayyorlash jarayonida ishtirok etishi va hatto an’anaviy marosimlarda mehmon sifatida qatnashishi mumkin. Bu nafaqat mazali ovqatlanish, balki o‘zbek xalqining turmush tarzi va madaniyatiga yaqindan tanishish imkonini beradi.

Qidiruv tizimi joylashuv va afzalliklarga ko‘ra mos variantlarni topish, buyurtma berish va to‘lovni onlayn amalga oshirishni osonlashtiradi. Platforma asoschisi Xadicha Suyarovaning ta’kidlashicha, loyiha oddiy oilalarga qo‘shimcha daromad manbai yaratadi va O‘zbekistonning asosiy boyliklari — xalq, madaniyat va taomlarni sayyohlarga tanishtiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xorazmda «Qovun sayli 2025» qanday o‘tgani haqida xabar bergan edi.