O‘zbekistonda ilk bor adsorberlarni ishlab chiqarish boshlandi

«O‘zbekkimyomash» zavodida ilk bor tabiiy gazni tozalash uchun xalqaro standartlarga mos adsorberlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Ushbu yirik qurilmalar tabiiy gazni oltingugurt birikmalaridan tozalashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, dastlabki mahsulot Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga yetkazib berildi.

Diametri 3 metr, devor qalinligi 100 mm, uzunligi 19 metr bo‘lgan va 63 atmosfera bosimiga bardosh beruvchi adsorberlarning har biri 147 tonna vaznga ega. Qurilmalar yuqori sifatli po‘latdan tayyorlanmoqda. Adsorbsiya jarayoni gazni tozalash, tozalovchi moddalarni qayta tiklash va sovutish bosqichlarida amalga oshadi.

Avvallari xorijdan olib kelinadigan bu qurilmalar endi O‘zbekistonda ishlab chiqarilishi natijasida tannarx qariyb ikki barobar arzonlashdi.
Yaqin kunlarda Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish boshqarmasiga yana 8 ta adsorber yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan tabiiy gazdan muqobil isitish tizimiga o‘tgan issiqxonalarga ajratilgan kredit muddati uzaytirilishi haqida yozgandi.