O‘zbekistonga shokolad importi yil boshidan beri 15% ga kamaydi

2025-yilning birinchi yarmida O‘zbekiston 9,9 ming tonna shokolad import qildi. Umumiy qiymati $31,4 mlnni tashkil etgan ushbu hajm o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,9% ga kamayganini bildiradi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Rossiya respublikamizga shokolad yetkazib berishda eng yirik hamkor maqomini saqlab qoldi. Yanvar–iyun oylarida mamlakatimizga 7,5 ming tonna Rossiyada ishlab chiqarilgan shokolad olib kirilgan.
Ikkinchi o‘rinda 785 tonna bilan Niderlandiya qayd etildi. Shuningdek, Ukraina, Qozog‘iston va Fransiya ham eng yirik beshlikdan o‘rin oldi. Hisobot davrida jami 29 davlatdan shokolad import qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri joriy yilning yanvar – aprel oylarida Rossiyadan O‘zbekistonga $21,4 mlnlik shokolad eksport qilingani haqida yozgan edi.