Oʻzbekiston yuqori daromadli davlatlar qatoriga 100 yildan keyin qoʻshilishi mumkin

Oʻzbekiston rivojlangan davlatlardagi aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad darajasiga ($14 ming) erishishi uchun 100 yildan ortiq vaqt ketishi mumkin. Bu haqda Jahon bankining yangi hisobotida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, Qozogʻiston va Turkmaniston taxminan 40 yil ichida, Qirgʻiziston esa 70 yil ichida bu marraga yetishi kutilmoqda. Mintaqa davlatlari orasida Oʻzbekiston va Tojikiston eng oxirgi boʻlib yuqori daromadli mamlakatlar qatoriga kirishi aytilmoqda.
Mazkur prognoz oxirgi o‘n yillikdagi oʻrtacha iqtisodiy oʻsish sur’atlariga asoslangan bo‘lib, unda pandemiya davridagi pasayishlar ham hisobga olingan. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, bu pasayishlar Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi oʻsish ko‘rsatkichlarini ancha pasaytirgan.

2024-yilda O‘zbekistonda aholi umumiy daromadlari 896,3 trln so‘mni tashkil etib, nominal o‘sish 18,5 foizni, real o‘sish (inflyatsiyani hisobga olgan holda) 8,1 foizni tashkil etdi. Aholi jon boshiga daromadlar nominal hisobda 16,1 foizga (real hisobda 5,9 foiz) – yiliga 20 mln so‘mdan 24,1 mln so‘mgacha (oyiga 2 mln so‘m atrofida) oshdi. Bir AQSh dollarining o‘rtacha yillik kursi 12,5 ming so‘m bo‘lsa, bu $1,6-$1,9 mingga to‘g‘ri keladi.
Jahon banki 2025 va 2026-yillarda Oʻzbekiston yalpi ichki mahsuloti 5,9 foizga oʻsishini prognoz qilmoqda. Mamlakatga kelayotgan pul oʻtkazmalari sezilarli darajada ortgan, hozir mamlakat bu bo‘yicha dunyoda 10-o‘rinda. 2024-yilda ular, asosan Rossiyadan, 30 foizga oshib, $15 milliardga yetdi. Ayrim davlatlarda bo‘lgani kabi, pul oʻtkazmalari Oʻzbekistonda ham iqtisodiy barqarorlikda katta rol oʻynaydi. Ular bo‘lmaganida, qashshoqlik darajasi deyarli ikki baravar yuqori bo‘lardi.
Shuningdek, Oʻzbekiston budjet taqchilligni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldi. 2024-yilda uning YaIMga nisbati 3,3 foizga tushdi, bunga asosan energiya subsidiyalarini kamaytirish orqali erishildi.
Bundan avval O‘zbekistonda rasmiy ish haqi norasmiydan 1,3 mln so‘mga yuqori ekanligi haqida yozgandik.