Payshanba osh kuni: toshkentcha palov qanday tayyorlanadi

14-avgust 2025 16:33 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Foto: Uzfor.uz

Palov — o‘zbek oshxonasining bosh taomi hisoblanadi. O‘zbeklarda har payshanba xonadon qozonida osh damlanishi urf-odatga aylangan.

Kursiv Uzbekistan Toshkent uslubida palovni qanday tayyorlash bo‘yicha retseptni havola qiladi.

Kerakli masalliqlar

Bo‘limMahsulotMiqdori
Yog‘ va go‘shtO‘simlik yoki paxta yog‘i350 gr
Qo‘y yoki mol go‘shti1 kg
Sabzavot va ziravorlarPiyoz500 gr
Sarimsoq2 bosh
Sabzi1 kg
Achchiq qalampirTa’bga ko‘ra
ZiraTa’bga ko‘ra
Qora murchTa’bga ko‘ra
MayizTa’bga ko‘ra
Don va dukkaklilar«Lazer» yoki «Alanga» guruchi1 kg
Ivitilgan no‘xat100 gr
Suyuqlik va tuzQaynoq suvtaxminan 1 litr
TuzTa’bga ko‘ra

Oldindan tayyorgarlik

No‘xatni kechasi iliq suvga solib qo‘ying. Ertasi kuni suvini to‘kib, chayib ishlatish mumkin. Sabzi pishishga yaqin payt guruchni iliq suvda 20 daqiqa iviting. Ivishdan oldin va keyin guruchni 4–5 marta suv tiniqlashguncha yuvish muhim. Bu donalarning yopishib qolishini kamaytiradi. Piyoz — yarim halqa, sabzi — somoncha (o‘rtacha qalinlikda), sarimsoq — bosh holicha to‘g‘ralgan bo‘lishi kerak.

Tayyorlash bosqichlari: yog‘ni qizdirish

Qozonga 350 gr o‘simlik yoki paxta yog‘ini quyib, qizdiring. Yog‘ yengil tutagandek bo‘lsa — yetarli darajada qizigan.

Go‘shtni qizartirish

Go‘shtni yirik bo‘laklarga bo‘lib, qozonga soling va yuqori olovda tashqarisi qizarguncha qovuring. Qizartirish zirvakga chuqur ta’m va rang beradi.

Piyozni qovurish

Go‘shtga yarim halqa piyozni qo‘shing. O‘rtacha-yuqori olovda piyoz shaffoflashib, keyin yengil jigarrang tus olguncha qovuring. Piyoz — zirvakning tayanchi.

Sabzini yumshatish

Piyoz ustiga somoncha sabzini yoyib, aralashtirib qovuring. Sabzi yengil yumshashi va hidi chiqishi kerak. Sabzini ezib yubormang, donaligi saqlansin.

Suv, sarimsoq va no‘xat

Qozonga 1 litr atrofida qaynoq suv quying, go‘sht-sabzi ustini yengil bosib tursin. Butun bosh sarimsoq va ivitilgan no‘xatni qo‘shing. 2 osh qoshiq atrofida tuz seping. Qaynash darajasiga keltiring, so‘ng olovni pasaytirib, 40 daqiqa sekin qaynating. Bu pallada go‘sht yumshaydi, sabzi to‘liq pishadi, sho‘rva (zirvak) boyiydi.

Ziravorlar va mayiz

Sabzi to‘liq yumshaganda zira, qora murch va yuvilgan, quritilgan mayizni qo‘shing. Tuzini yana tekshiring. Ziravorni kech qo‘shish hidini saqlaydi.

Guruchni solish

Ivitilgan guruch suvini to‘kib, qozonga ehtiyotkorlik bilan yoyib soling. 2–3 choy qoshiq tuz seping. Qozonga qaynoq suvni guruch sathidan 1–1,5 sm yuqorilab turadigan qilib quying. O‘rtacha-yuqori olovda suv deyarli tortilib, guruch yuzasi quruq ko‘ringuncha qaynating. Suvni bir yo‘la to‘g‘ri quyish — donalarning bir tekis pishishiga yordam beradi.

Gumbaz qilish va teshish

Suv tortilgach, kapkir yordamida guruchni markazga tomon yig‘ib, gumbaz shaklida qiling. Pichoq yoki kapkir sopi bilan bir necha joyini teshib, bug‘ aylanishiga yo‘l oching. Butun achchiq qalampirlarni ustiga qo‘ying. Qozon qopqog‘ini yopib, past olovda 20 daqiqa dimlang. Teshiklar bug‘ni to‘g‘ri taqsimlaydi, guruch teng pishadi.

Dam berish va aralashtirish

Olovni pastlatib, qozonni 5–10 daqiqa damga qoldiring. So‘ng kapkir bilan pastdan yuqoriga ehtiyotkor aralashtiring — go‘sht va sabzi bilan guruch bir xil tarqalsin. Sarimsoq boshlarini butuncha olib, ustiga bezak sifatida qo‘yish mumkin.

Tayyor bo‘lgan palovni oila davrasida, ayni yoz kunlari achiq-chuchuk salati bilan, qishda esa tuzlamalar bilan iste’mol qilish mumkin. Yoqimli ishtaha!

Avvalroq Kursiv Uzbekistan kartoshka pyureli gulyash qanday tayyorlanishi haqida yozgandi.

Shuningdek