Yangiliklar

Rossiya maktablarida sinfdagi migrant bolalar sonini bir nafarga cheklash taklif qilindi

Tashabbus «Yangi odamlar» partiyasi tomonidan ilgari surilgan
sinf
Rossiyada har bir sinfdagi migrant bolalar sonini bir nafarga cheklash taklif qilindi. Foto: mirnov

Rossiyada bir sinfga bir nafardan ortiq migrant bolani qabul qilishni taqiqlovchi normani kiritish taklif qilinmoqda. Deputatlar bu bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligiga murojaat qilgan.

Tashabbus «Yangi odamlar» partiyasi rahbari Aleksey Nechayev, shuningdek, deputatlar Anna Skroznikova va Sardana Avksenteva tomonidan ilgari surilgan.

Ularning ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyadagi 500 dan ortiq maktabda chet ellik o‘quvchilar ulushi 10 foizdan oshadi. Ayrim sinflarda esa yarmidan ko‘pini migrant bolalar tashkil qiladi. Bu esa migrant bolalarning yangi muhitga moslashishini qiyinlashtiradi. Deputatlar fikricha, taklif qilingan cheklov migrant bolalarni turli sinflarga teng taqsimlash va ta’lim jarayonining samaradorligini saqlashga yordam beradi.

Bundan avval Kursiv Uzbekistan Rossiyada migrantlarning bolalari uchun pullik ta’lim joriy etish taklif qilingani haqida yozgandi.

Deputatlarning fikricha, ushbu choralar budjet va ta’lim infratuzilmasiga tushadigan yukni kamaytiradi, o‘qituvchilarga tushadigan bosimni yengillashtiradi va o‘quv jarayoni sifatini oshiradi. Shu bilan birga, migrantlar va ularning bolalari uchun o‘qishga yanada mas’uliyat bilan qarashga rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.