Toshkentda kvartiralarning yangilangan ijara narxlari ma’lum bo‘ldi

Shu yilning iyul oyida O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori iyunga nisbatan 25 foizga, o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan esa 14,2 foizga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillarida ma’lum qilindi.

Iyul oyida tuzilgan oldi-sotdi shartnomalari soni ham 26 mingdan yuqorilagan.
Hududiy dinamikadagi farqlar
Iyul oyida barcha viloyatlarda uy-joy bozori jonlandi, biroq eng katta o‘sish Surxondaryo (41%), Sirdaryo (35,3%) va Qashqadaryo (33,7%) viloyatlarida qayd etildi.
Toshkent shahrida uy-joy bozoridagi faollik 24,6 foizga oshdi. Bu hamon yirik migratsiya oqimi, ish o‘rinlari ko‘pligi va poytaxtdagi uy-joylar investitsion jozibadorligi bilan bog‘liq.
Ikkilamchi bozor – narxlarning tezlashgan o‘sishi
Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘sishi iyunda 0,3% bo‘lgan bo‘lsa iyulda 1,7 foizga yetdi. Yillik hisobda esa narxlar 3,3 foizga oshgan.

Viloyatlar kesimida eng katta yillik o‘sish Jizzax (15,2%), Surxondaryo (14,1%) va Xorazm (9,6%) da qayd etildi.
Toshkentdagi vaziyat: birlamchi va ikkilamchi bozor tafovutlari
Poytaxtda iyul oyida ikkilamchi uy-joy narxlari 0,8 foizga oshgan bo‘lsa-da, yillik kesimda o‘sish atigi 3,2% bo‘ldi. Birlamchi bozorda esa yil davomida 0,9 foizlik pasayish kuzatildi.
Eng katta pasayishlar:
- Ikkilamchi bozor: Mirzo Ulug‘bek (8,2%), Yashnobod (4,5%) va Yunusobod (4,2%).
- Birlamchi bozor: Uchtepa (8,8%), Yunusobod (6,7%) va Shayxontohur (4,7%).
Ijara bozori: barqaror, ammo segmentlar bo‘yicha farq katta
Iyul oyida Toshkent ijara bozorida narxlar o‘zgarmadi. O‘rtacha bir metr kvadrat uchun $8ni tashkil etmoqda. Biroq Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida bu ko‘rsatkich $10,3/m² atrofida bo‘lib, poytaxtning eng qimmat hududlari bo‘lib qolmoqda.

Yillik hisobda o‘rtacha ijara narxi 2,8 foizga pasaydi. Eng katta pasayish Uchtepa, Yashnobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida kuzatildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iyun oyida Toshkentda ikkilamchi uy-joylar narxi tushgani haqida yozgandi.