Tramp Putinga Alyaskadagi foydali qazilmalarni taklif qilishi mumkin — The Telegraph

AQSh prezidenti Alyaskadagi uchrashuv chog‘ida Rossiyaga qimmatbaho foydali qazilmalarni qazib olishni taklif qilishi mumkin. Bu haqda The Telegraph nashri xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, takliflar orasida Rossiyaga Alyaskada kamyob yer elementlarini qazib olish imkoniyati, shuningdek, Rossiya aviatsiya sohasiga qo‘yilgan ayrim sanksiyalarni yumshatish masalasi bor.
Bundan tashqari, hozir Rossiya qo‘shinlari nazoratida bo‘lgan Ukrainadagi hududlarda litiy va boshqa foydali qazilma konlarini o‘zlashtirishiga ruxsat berish masalasi ham muhokama qilinmoqda.
Trampning aytishicha, Putin urushni to‘xtatishdan bosh tortsa, «jiddiy oqibatlarga» duch keladi. Agar uchrashuv muvaffaqiyatli o‘tsa, AQSh yetakchisi keyingi uchrashuvni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ishtirokida o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Oq uyning bayonotiga ko‘ra, uchrashuv «razvedka xarakterida» bo‘lib, Putin tinchlikka tayyormi yoki yo‘qmi, shuni aniqlashga qaratilgan. Oq uy matbuot kotibi Kerolin Livittning aytishicha, muzokaralarning bir qismi faqat tarjimonlar ishtirokida, yopiq formatda o‘tkaziladi.
Shu bilan birga, Tramp va Putin uchrashuvi oldidan AQShning Alyaska shtatidagi mehmonxonalar narxlarni oshirdi.
Bundan avval Tramp va Putin Alyaskadagi harbiy bazada uchrashishi haqida yozgandik.
Unga ko‘ra, prezidentlar 15-avgustda Alyaskaning Ankorij shahrida joylashgan harbiy bazada uchrashadi.