Yandex SI mutaxassislari uchun bepul maktabga qabulni boshladi

eʼlon qilindi
Arizalar 10-sentabrgacha qabul qilinadi
Foto: Yandex Uzbekistan

Yandex Uzbekistan sun’iy intellektga ixtisoslashtirilgan Yandex ML School’ga qabul jarayonini boshladi. Bu haqda kompaniya Kursiv’ga ma’lum qildi.

Dastur mashinani o‘rganish, matematika va ma’lumotlar tahlili bo‘yicha chuqur bilim hamda amaliy ko‘nikmalar berishga qaratilgan.

Qatnashish uchun nomzodlar avval kirish testidan o‘tadi. Saralash bosqichida muvaffaqiyat qozonganlar sentabrning ikkinchi yarmida Toshkentda bo‘lib o‘tadigan suhbatga taklif etiladi, barcha bosqichdan o‘tganlar esa oktabr oyida o‘qishni boshlaydi. Ta’lim to‘liq bepul va oflayn formatda ikki semestr davom etadi.

Dastur Yandex’ning «Ma’lumotlarni tahlillash maktabi» mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtiradi. Darslarni Yandex ekspertlari, O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari professorlari va tajribali ML mutaxassislari olib boradi.

Mashg‘ulotlar ingliz tilida olib borilishi xalqaro kasbiy materiallarga yo‘l ochadi. Haftalik yuklama 20 – 30 soatni tashkil etadi, mashg‘ulotlar asosan kechqurun o‘tkaziladi.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning ta’kidlashicha, Yandex ML School bepul ta’lim imkoniyatlarini kengaytiradi, iqtidorli yoshlarni rivojlantiradi va mamlakat iqtisodiyotiga raqobatbardosh kadrlar yetkazib beradi.

Arizalar 10-sentabrgacha qabul qilinadi. Batafsil ma’lumotlarni mlschool.yandex.uz orqali olish mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yandex maktab o‘quvchilari uchun bepul dasturlash kursini ishga tushirgani haqida yozgandi.

Shuningdek