
AQSh Davlat departamenti hisobotida aytilishicha, 2024-yilda O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida sezilarli o‘zgarishlar kuzatilmagan. Hujjat matni tashkilot saytida e’lon qilindi.
«Garchi hukumat inson huquqlarini buzgan mansabdor shaxslarni aniqlash va jazolash bo‘yicha ishonchli choralarni ko‘rgan bo‘lsa-da, qonun ustuvorligining sustligi va shaffoflikning yetishmasligi inson huquqlarining buzilishi davom etishiga imkon berdi», – deyiladi xabarda.
Davlat departamentiga ko‘ra, bu sohadagi asosiy muammolarga qiynoqlar, asossiz hibsga olishlar va o‘ldirishlar, ommaviy axborot vositalari erkinligiga cheklovlar hamda senzura kiradi.
Idora jurnalistlarni qo‘rqitish va hibsga olish holatlari bo‘lgani haqida xabar berdi. Shuningdek, OAV vakillari o‘z-o‘zini senzura qilishga majbur bo‘lgani, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) esa ayrim maqolalarni haddan tashqari nozik deb topgani aytiladi.
«Davlat hukumatni tanqid qilgan blogerlar va jurnalistlarni qo‘rqitish yoki hibsga olish uchun ko‘pincha tovlamachilik ayblovlaridan foydalangan», – deyiladi hisobotda.
Bundan tashqari, Toshkent ayrim internet resurslarga, xususan, inson huquqlari bo‘yicha portallar va yangilik saytlariga kirishni cheklagan yoki bloklagan.
Davlat departamenti ta’kidlashicha, O‘zbekistonda davlat idoralari tomonidan o‘g‘irlik holatlari kuzatilmagan. Ammo qiynoqlar bo‘yicha ma’lumotlar mavjud.
Avvalroq O‘zbekiston hukumati Gulnora Karimovaga oid sud jarayonlari yuzasidan bildirilgan da’volarni inkor etgandi.
Sudlov jarayonida himoya huquqi ta’minlangan, advokat bilan maxfiy muloqot va ish materiallari bilan tanishish imkoniyati berilgan. Hibs, tergov va sud muhokamalari belgilangan tartibda oʻtgan boʻlib, «oshxonada sud qilingan» kabi da’volar asossiz deb topilgan.