
Falastinliklar uchun maxsus jamg‘arma va bepul bog‘chalar, Qoraqalpog‘iston va Xorazmda ichimlik suvi xarajatlariga subsidiya, UFC ro‘yxatidagi Makgregor, Qoraqalpog‘iston rivojiga $200 milliongacha xorijiy mablag‘, 850 million so‘mlik mobil raqam, UzAuto Motors’dan yangi Chevrolet modeli – Kursiv Uzbekistan 15-avgustda yuz bergan muhim voqealarni bitta materialga jamladi.
Maktab va bog‘chalarda majburiy mehnatga qarshi reydlar o‘tkaziladi

Joriy yilning 15-avgustidan boshlab Respublika bo‘ylab maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida «Majburiy mehnatga qarshi kurashish haftaligi» e’lon qilinadi. Bu haqda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lum qildi.
O‘zbekistonga olib kelingan falastinliklar uchun maxsus jamg‘arma tashkil etiladi

Prezident farmoniga binoan, mamlakatga olib kelingan falastinlik fuqarolarga doimiy g‘amxo‘rlik va ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Unga muvofiq, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa falastinlik fuqarolarga nafaqa tayinlanadi. Mehnat yoshidagi shaxslar (nogironligi I va II guruh bo‘lganlar bundan mustasno) uchun esa har oy minimal iste’mol xarajatlari miqdorida yashash nafaqasi beriladi.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmda ayrim oilalarga ichimlik suvini ta’minlash xarajatlari uchun subsidiya beriladi

Subsidiya turarjoyda artezian qudug‘i qazish, suv nasoslari hamda ichimlik suvi filtrlari xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining 90 foizini (BHMning 30 baravaridan oshmagan qismini) qoplaydi.
O‘zbekistonga olib kelingan falastinlik bolalar davlat bog‘chalarida bepul o‘qitiladi

O‘zbekistonga kelgan falastinliklarning har bir oilasiga bir martalik ko‘tarma puli to‘lanadi. Mablag‘ oilada ishlatiladigan nooziq-ovqat mahsulotlari xaridiga mo‘ljallangan. Bu haqda prezident farmonida keltirib o‘tildi.
Makgregor UFC ro‘yxatidan chiqarilgani yolg‘on – Dana Uayt

UFC prezidenti Dana Uayt ikki vazn toifasida chempion bo‘lgan irlandiyalik Konor Makgregorning promoushen jangchilar ro‘yxatidan chiqarilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.
Markaziy bank mijozlarga kredit oldidan chek-list to‘ldirishni taklif qilmoqda

Markaziy bank jismoniy shaxslar uchun kredit rasmiylashtirish jarayonida xavflarni tushuntiruvchi majburiy chek-list joriy etish tashabbusi bilan chiqdi.
Yangi tartibga ko‘ra, bank qarzni ma’qullaganidan keyin, ammo shartnoma imzolanishidan avval mijozga chek-list taqdim etadi.
Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish dasturiga 200 million dollargacha xorijiy mablag‘ jalb qilinadi

Qoraqalpog‘istonni 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasi besh yillik batafsil dastur asosida amalga oshiriladi. Mazkur dastur uchun natijaga asoslangan moliyalashtirish tizimi (PforR) orqali $150–$200 million miqdorida xorijiy mablag‘lar jalb etilishi ko‘zda tutilgan.
Nollardan iborat mobil raqam 850 million so‘mga sotildi

Bugun, 15-avgust kuni elektron savdoda boshlang‘ich narxi 500 million so‘m etib belgilangan mobil raqam 850 million so‘mga sotildi. Savdo 8-avgust kuni soat 12:16 da boshlanib, 15-avgust 12:26 da yakunlangan. Ushbu raqam +998 91 000 00 00 bo‘lib, jismoniy shaxs tomonidan xarid qilindi.
O‘zbekistonda shina va batareyalarga ekosbor joriy etilishi mumkin

Birinchi bosqichda ekosbor batareyalar va akkumulyatorlar, avtomobillar, moylash materiallari, qadoqlar, shinalar va rezina kameralar, shuningdek, shisha buyumlar uchun belgilanishi taklif etilmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasi 7SABER sport liboslarida maydonga tushadi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi endilikda 7SABER sport liboslarida mamlakat sharafini himoya qiladi.
Yangi forma dizayni milliy ramzlar va zamonaviy sport texnologiyalarini uyg‘unlashtirgan bo‘lib, futbolchilar uchun engil va qulay materiallardan tayyorlangan.
UzAuto Motors 10 kunda yangi Chevrolet modelini taqdim etadi

Chevrolet Uzbekistan yangi model haqida tizerni e’lon qildi. Ushbu model 10 kundan keyin namoyish etiladi.
Kursiv Uzbekistan kompaniya bilan bog‘langanda, kompaniya qaysi model taqdim etilishi haqida ma’lumotlarni ochiqlamadi.
Bundan avval Kursiv Uzbekistan 14-avgustdagi muhim yangiliklar dayjestini e’lon qilgandi.