Yangiliklar

Interpol xalqaro qidiruvdagi jinoyatchilarni O‘zbekistonga deportatsiya qildi

Deportatsiya qilingan shaxslar orasida soliqlardan bo‘yin tovlash, yirik firibgarlik va boshqa og‘ir jinoyatlar sodir etgan fuqarolar bor
Foto: depositphotos.com

Turli jinoyatlari uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxslar AQSh va Turkiyada topilib, O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, deportatsiya qilingan shaxslar orasida soliqlardan bo‘yin tovlash, yirik firibgarlik va boshqa og‘ir jinoyatlar sodir etgan fuqarolar bor. AQShning Immigratsiya va bojxona politsiyasi ikki jinoyatchini Nyu-Yorkdan Toshkentga olib keldi, yana ikki kishi esa Istanbuldan chiqarildi.

Ular keyingi tergov harakatlari uchun Interpol Milliy markaziy byurosi va hududiy ichki ishlar organlariga topshirildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShda qo‘lga olingan fuqaro O‘zbekistonga qaytarilgani haqida xabar bergan edi.