Kashmirdagi toshqin va ko‘chkilar 60 kishining umriga zomin bo‘ldi

Hindistonning Kashmir mintaqasida kuchli yomg‘irlar sabab yuzaga kelgan to‘satdan toshqin va ko‘chkilar kamida 60 kishini hayotdan olib ketdi, 200 dan ortiq kishilar bedarak yo‘qoldi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, qutqaruvchilar belkurak va maxsus texnikalar yordamida vayronalar ostidan tirik qolganlarni izlamoqda.

Fojia Kishtvar tumanidagi Chasoti qishlog‘ida yuz berdi. Bu yerda mashhur Machail Yatra ziyorati oldidan yig‘ilgan sayyohlar to‘satdan kelgan suv oqimi va loy massasi ostida qolgan. Hodisa natijasida 100 dan ortiq kishilar jarohat olgan.

Shuningdek, Nepal va Pokistonda ham so‘nggi kunlarda kuchli yomg‘irlar, toshqin va ko‘chkilar yuzlab odamlarning hayotiga zomin bo‘ldi. Nepalda 41 kishi, Pokiston shimolida esa 50 dan ortiq odamlar halok bo‘lgani ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Texasdagi toshqinlarda halok bo‘lganlar soni 43 nafarga yetgani haqida xabar bergan edik.