
Xitoyning Nankin shahridagi Changan-Mazda qo‘shma korxonasi tomonidan Mazda EZ-60 avtomobilini seriyali ishlab chiqarish boshlandi. Model aprel oyida Shanxay avtosalonida taqdim etilgan edi.
Bu Changan va Mazda hamkorligida yaratilgan ikkinchi avtomobil bo‘lib, birinchi model – Mazda EZ-6 liftbeki hisoblanadi. Mazda EZ-60 o‘lchamlari 4850×1935×1620 mm bo‘lib, Deepal S07, Avatr 07 va Toyota bZ4X krossoverlariga raqobatchi sifatida qaraladi. Mashina Toyota bZ4X’dan uzunroq va kengroq. 4-avgust holatiga ko‘ra, modelga 38 mingdan ortiq buyurtma tushgan.
Salonida yon kameralar o‘rnatilgan bo‘lib, ulardan olingan tasvirlar katta 26,45 dyuymli 5K ekraniga uzatiladi. Orqa o‘rindiqlarda alohida sensorli panel, Dolby Atmos ovoz tizimi va 23 dinamik, shuningdek, ventilyatsiya, isitish va massaj funksiyali elektr sozlanadigan o‘rindiqlar mavjud.

Texnik jihatdan xaridorlar ikki variantdan birini tanlaydi: 260 ot kuchiga ega to‘liq elektr versiya yoki 1,5 litrli 98 ot kuchli benzin dvigateli va 260 ot kuchli elektromotordan iborat gibrid versiya. Gibrid modelning 31,73 kVt·soatli batareyasi 160 km masofaga yetadi.
Mazda CX-5 modelining esa ishlab chiqarilishi to‘xtamaydi. Iyul oyida uning uchinchi avlodi Yevropada taqdim etildi va 2025-yil oxirida Yevropada, 2026-yilda boshqa bozorlarda sotuvga chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Takomillashtirilgan Mazda CX-5 10-iyul kuni taqdim etilgani haqida yozgan edi.