
AQShning birinchi xonimi Melaniya Tramp Baydenning o‘g‘li Xanter Baydenni tuhmat uchun sudga berishi mumkin. Bu haqda BBC xabar berdi.
Unga ko‘ra, Xanter Melaniyani Tramp bilan moliyachi Jeffri Epshteyn tanishtirganini aytgan. Melaniyaning advokatlari bu gaplarni «yolg‘on, obro‘ga putur yetkazuvchi va tuhmat» deb atadi. Bayden bu fikrni shu oyda bergan intervyusida aytgan va o‘z so‘zidan qaytmasligini bildirgan.
Melaniyaning advokatlari Baydenni gaplarini qaytarib olish va uzr so‘rashga chaqirdi, aks holda sud orqali bir milliard dollardan ortiq miqdorda tovon puli undirilishi aytildi. Ularning fikricha, bu bayonot Melaniyaga moliyaviy va obro‘ jihatdan katta zarar yetkazgan.
Bayden suhbatda Epshteyn haqidagi hali e’lon qilinmagan hujjatlar Trampni «bog‘lab qo‘yishi» mumkinligini aytib, Epshteyn Melaniyani Tramp bilan tanishtirgan, degan.
Bu fikr qisman jurnalist Maykl Vulfning so‘zlariga asoslangan bo‘lib, u ilgari Tramp haqida tanqidiy kitob yozgan. Ammo Vulfning so‘zlarini asos qilib yozilgan Daily Beast nashri maqolasi keyinchalik Melaniyaning advokatlari e’tirozidan so‘ng olib tashlangan va uzr so‘ralgan.
Bayden esa uzr so‘rash niyati yo‘qligini aytib, sud tahdidini «e’tiborni chalg‘itish» deb atadi. U hatto sud bo‘lsa, Tramp er-xotinidan guvohlik olish imkonidan mamnun bo‘lishini aytdi.
Epshteyn 2019-yilda qamoqda o‘z joniga qasd qilgan. Melaniya va Donald Trampni u tanishtirgani haqida hech qanday dalil yo‘q.
Melaniya Tramp 1998-yil noyabrda model agentligi asoschisi uyushtirgan tadbirda Donald Tramp bilan tanishganini aytgan. O‘sha paytda Tramp ikkinchi rafiqasi Marla Maplesdan ajrashish jarayonida edi.
Sudga murojaat qilish tahdidi Epshteyn bo‘yicha yopiq hujjatlarni e’lon qilishga doir so‘nggi haftalardagi bosim fonida yuzaga kelgan.
Bundan avval Janubiy Koreya sobiq prezidentining rafiqasi hibsga olingani haqida yozgandik.