
O‘zbekiston va Qozog‘iston aviatsiya ma’murlari muntazam aviaqatnovlar sonini keskin oshirishga kelishib oldi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Yangi kelishuvga ko‘ra, Toshkent – Olmaota va Toshkent – Nur-Sulton yo‘nalishlarida haftasiga 42 tagacha, boshqa yo‘nalishlarda esa 14 tagacha reys bajarish mumkin bo‘ladi. Umumiy ruxsat etilgan parvozlar chastotasi haftasiga 238 taga yetadi.

Shuningdek, muntazam parvozlar uchun manzillar soni kengaytiriladi. Bu esa ikki davlat o‘rtasida transport qulayligini oshiradi, ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlaydi hamda turizm rivojiga xizmat qiladi.
Tomonlar havo qatnovlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgan edik.