
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga ichimlik suvi bilan ta’minlash xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, subsidiya turarjoyda artezian qudug‘i qazish, suv nasoslari hamda ichimlik suvi filtrlari xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining 90 foizini (BHMning 30 baravaridan oshmagan qismini) qoplaydi.
Xizmatlar «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimiga kiritilgan tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladi. Ariza «Inson» markazlari yoki mahalladagi ijtimoiy xodimlar orqali beriladi.
Tadbirkorlar belgilangan muddatda quduq qazish, suv nasosi va filtr o‘rnatishni yakunlashi lozim. Qaror bo‘yicha yakuniy xabar tizim orqali avtomatik yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dukkakli ekin ekish-yig‘ish texnikalariga 15 foizgacha subsidiya berilishi haqida yozgan edik.