
Qoraqalpog‘istonni 2035-yilgacha rivojlantirish strategiyasi besh yillik batafsil dastur asosida amalga oshiriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Mazkur dastur uchun natijaga asoslangan moliyalashtirish tizimi (PforR) orqali $150–$200 million miqdorida xorijiy mablag‘lar jalb etilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, prezident qarori bilan 2025–2026-yillarda Qoraqalpog‘istonni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Xususan, yalpi hududiy mahsulot hajmini o‘rtacha 6–6,5 foizga, sanoat ishlab chiqarishini 5–6 foizga, bozor xizmatlari hajmini esa 15–17 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan avval Qoraqalpog‘iston va Xorazmda ayrim oilalarga ichimlik suvini ta’minlash xarajatlari uchun subsidiya berilishi haqida xabar bergandik.
Ma’lum qilinishicha, subsidiya turarjoyda artezian qudug‘i qazish, suv nasoslari hamda ichimlik suvi filtrlari xarid qilish va o‘rnatish xarajatlarining 90 foizini (BHMning 30 baravaridan oshmagan qismini) qoplaydi.
Xizmatlar «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimiga kiritilgan tadbirkorlar tomonidan amalga oshiriladi. Ariza «Inson» markazlari yoki mahalladagi ijtimoiy xodimlar orqali beriladi.