
«Umra – 2025/2026» mavsumining birinchi guruhi Toshkent xalqaro aeroportidan Jidda shahriga uchib ketdi. Bu haqda O’zbekiston musulmonlari idorasi xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, safarga jami 240 nafar ziyoratchi yo‘l oldi. Ular dastlab Madina shahrida uch kun, so‘ngra Makka shahrida yetti kun bo‘ladi. Madinada Grand Shahba mehmonxonasida, Makkada esa Al-Ayyam Elite va Marmara Hotel mehmonxonalarida yashashadi. Ular kuniga uch mahal issiq ovqat, shirinlik va yangi mevalar bilan ta’minlanadi.
Umra safari davomida ziyoratchilarga tajribali ishchi guruhi, taniqli imom-xatiblar, malakali shifokorlar hamrohlik qiladi. Bundan tashqari, safar davomida Makka va Madinadagi muborak joylar ziyorat qilinadi, shuningdek, Jidda shahrida Qizil dengiz bo‘yiga sayohat ham uyushtiriladi.
Bundan avval O‘zbekistondagi Umra tashkilotchilari endi «sirli mijoz» orqali tekshirilishi haqida yozgandik.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, «sirli mijoz» tekshiruvlari davomida xodimlar oddiy mijoz qiyofasida safar tashkilotchilariga murojaat qiladi. Ular litsenziya mavjudligini, safar davomiyligi, narxlar, to‘lov usullari, yashash va transport sharoitlari kabi ma’lumotlarni so‘rab aniqlashadi. Agar zarur bo‘lsa, tekshiruv jarayonida yashirin audio yoki video yozuvlar ham olib boriladi.