Chevrolet tarixi: bir asrlik yoʻl va kompaniyaning Oʻzbekiston avtosanoatidagi oʻrni

16-avgust 2025 22:40 eʼlon qilindi

Mirjalol Norqobilov

Mirjalol Norqobilov

Yangiliklar muharriri m.norqobilov@kursiv.media
Foto: skonech@aol.com / depositphotos.com

Avtomobil sanoatida shunday brendlar borki, ular oʻz davrining ramziga aylangan. Chevrolet ham ana shunday nomlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda biz uni mustahkam pikaplar, zamonaviy sportkarlar va ekologik elektromobillar orqali taniymiz. Ammo kompaniyaning yoʻli bundan bir asrdan ham koʻproq vaqt oldin boshlangan. Kursiv Uzbekistanʼning Brend tarixi ruknida bu safar Chevrolet kompaniyasi haqida soʻz boradi.

Mazkur maqolada quyidagilar haqida so‘z boradi:

Tarixning boshlanish nuqtasi

Foto: Photos.com / Uilyam Dyurant

Oʻtgan asrning boshida, yaʼni 1911-yilda General Motors asoschisi Uilyam Dyurant GM boshqaruvidan chetlatilgach, shveysariyalik poygachi va muhandis Lui Shevrole bilan birgalikda Chevrolet Motor Car Companyʼni tuzdi. Kompaniya nomi ham muhandisning familiyasidan olindi. Birinchi modellar texnik jihatdan yaxshi ishlangan boʻlsa ham $2,5 minglik narxdagi avtomobillar keng omma uchun qimmatlik qilgan. Dyurant strategiyani oʻzgartirib, arzonroq va ommabop segmentga kirishga qaror qiladi.

1914-yilda ishlab chiqarilgan Baby Grand va Royal Mail modellarida dastlabki muvaffaqiyatlar qayd etildi. Ammo haqiqiy burilish nuqtasi Chevrolet-490 boʻldi. Bu model Fordʼning mashhur T modelini sotuvda ortda qoldirdi. Aynan shu davrda Chevroletʼning hozirgi mashhur «babochka» logotipi ham paydo boʻldi.

GM tarkibiga qoʻshilish va kengayish

Chevrolet muvaffaqiyatidan foydalangan Dyurant 1918-yilda GMʼning nazorat paketini qayta qoʻlga kiritdi va Chevroletʼni General Motors tarkibiga qoʻshdi. Bu qaror brendga ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va global bozorlarga chiqish imkonini berdi. 1920–1950-yillarda Chevrolet AQSh bozorida Ford bilan yelkama-yelka raqobat qildi. Ikkinchi jahon urushi yillarida kompaniya yuk mashinalari va harbiy texnika ishlab chiqarishda faol qatnashdi. Urush tugagach, Chevrolet Kanada, Avstraliya va Yevropa bozorlarini egallay boshladi.

1953-yilda Corvette taqdim etildi. Shisha tolali kuzovga ega bu sportkar tez orada brend timsoliga aylandi. 1955-yilda Bel Air oilaviy sedani oʻz davrining eng koʻp sotilgan modeli boʻldi. 1966-yilda esa Ford Mustangʻga javoban yaratilgan Camaro ommaga «mustanglarni yeb qoʻyadigan yirtqich» sifatida tanishtirildi.

Foto: Wikipedia / Corvette

Texnologik yangiliklar

Chevrolet avtomobil sanoatida koʻplab texnologik yangiliklarni keng ommaga yetkazgan brend sifatida tanilgan. 1940-yilda General Motors tarkibidagi Oldsmobile boʻlimi ilk marta Hydramatic avtomatik uzatmasini taqdim etdi, Chevrolet esa bu texnologiyani keyingi yillarda oʻz modellarida keng qoʻlladi. 1950-yillarda kompaniya avtomobillariga konditsioner tizimlari va yaxshilangan isitish-ventilyatsiya uskunalarini oʻrnatishni boshladi. 1955-yilda Chevrolet tarixidagi eng mashhur ishlanmalardan biri — ixcham va qudratli «small-block» V8 dvigateli taqdim etildi, u oʻnlab yillar davomida ishlab chiqarishda qoldi.

Foto: Wikipedia / Hydramatic avtomatik uzatmasi

Qiyinchiliklar davri

1960-yillarda Corvair modeli xavfsizlik bilan bogʻliq muammolar tufayli tanqid ostida qoldi. Mashhur huquq himoyachisi Ralf Neyderning «Har qanday tezlikda xavfli» (Unsafe at Any Speed) kitobi va sud jarayonlari Chevrolet imijiga putur yetkazdi. 1970–1980-yillarda esa Yaponiyadan kelgan arzon va yonilgʻi tejamkor avtomobillar AQSh bozorida kuchli raqobat yaratdi.

Foto: Wikipedia / Corvair

Zamonaviy davr

Soʻnggi oʻn yilliklarda Chevrolet ekologik toza va texnologik jihatdan ilgʻor avtomobillarga katta eʼtibor qaratdi.

  • Chevrolet Volt (2010) — brendning ilk plagin-gibrid modeli boʻlib, bir nechta xalqaro mukofotlarni qoʻlga kiritdi.
  • Chevrolet Bolt EV (2016) — arzon narxli, bir zaryadda 320 km dan ortiq masofani bosib oʻta oladigan toʻliq elektromobil.
  • Silverado va Tahoe — yirik SUV va pikap segmentidagi flagmanlar boʻlib, Shimoliy Amerikada yetakchi oʻrinlarni saqlab kelmoqda.
Foto: Wikipedia / Chevrolet Volt

Chevrolet’ning Oʻzbekiston avtosanoatidagi oʻrni

Foto: wikipedia /

Oʻzbekiston avtomobil sanoatining zamonaviy tarixi 1996-yil 19-iyulda Andijon viloyatining Asaka shahrida Uz-DaewooAuto zavodining ishga tushirilishi bilan boshlandi. Daewoo Nexia, Tico, Damas va Matiz modellari mamlakat aholisi orasida tez ommalashdi.

2008-yilda «Oʻzavtosanoat» va General Motors hamkorligida GM Uzbekistan tashkil etildi. Shu yilning 27-noyabrida Asakada birinchi Chevrolet Lacetti yigʻildi va u mamlakat tarixidagi millioninchi avtomobil sifatida qayd etildi.

2011-yilda GM Powertrain Uzbekistan dvigatel zavodi ishga tushib, yiliga 225 mingta dvigatel ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻldi. 2014-yilda Xorazm viloyatining Pitnak shahrida uchinchi ishlab chiqarish korxonasi ochildi. Bu yerda Chevrolet Orlando, Damas va Labo modellarining ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyildi.

Chevrolet Cobalt
Foto: UzAuto Motors

2022-yilda «Oʻzavtosanoat» vakili Azizbek Shukurov IPO’ga bagʻishlangan tadbirda UzAuto Motors va GM o‘rtasida tuzilgan litsenziya shartnomasi royalti asosida ishlanishini aytgan edi.

«Bizda royalti toʻlash boʻyicha uzoq muddatli kelishuv mavjud. U mahsulotning butun hayotiy sikli davomida qayd etiladi. General Motors bilan tuzilgan soʻnggi shartnomaga koʻra, bizda motivatsion sxema amal qiladi. Qancha koʻp avtomobil ishlab chiqarsak va isteʼmolchilarga sotsak, toʻlanadigan litsenziya royaltisidan shuncha koʻp chegirma olamiz», — deya taʼkidlagan.

Biroq kompaniya GMʼga toʻlanadigan aniq foizni oshkor qilmagan. Bugungi kunda Chevrolet Oʻzbekistonda eng koʻp sotiladigan avtomobil brendi sanaladi. 2024-yilda mamlakatda 402 mingdan ortiq yangi avtomobil sotilgan boʻlsa, ularning 353,7 mingtasi (88 foiz) Chevrolet’ga tegishli. Eng koʻp sotilgan modellar qatorida birinchilikni 127,2 ming dona Cobalt egalladi. Undan keyingi oʻrinlarni Damas (106 ming) va Tracker (37,9 ming) modellari joy oldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tesla tarixi haqida maqola tayyorlagan edi.

Shuningdek