Yangiliklar

Kontrakt to‘lovlari uchun soliq imtiyozida yosh chegarasi bekor qilindi

Yangi qaror qabul qilindi
1-avgustdan ekologik huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori oshadi
Foto: Ijtimoiy tarmoq

Endi ota-onalar farzandining yoshidan qat’i nazar, oliy yoki professional ta’lim muassasalarida o‘qishi uchun kontrakt to‘lovlarini amalga oshirganida daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozdan foydalanishi mumkin. Bu tartib Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Soliq qo‘mitasining yangi qarorida belgilandi.

Avvalgi amalda bo‘lgan qoidaga ko‘ra, imtiyoz faqat 26 yoshgacha bo‘lgan farzandlarning ta’lim to‘lovlari uchun qo‘llanilgan edi. Yangi qaror esa bu cheklovni butunlay bekor qildi.

Soliq qonunchiligiga muvofiq, ota-onalar farzandining kontraktini o‘z oylik maoshidan to‘lasa, 12 foizlik daromad solig‘ini qaytarib olish huquqiga ega bo‘ladi. Bu tartib talabalarning o‘zi yoki turmush o‘rtog‘i uchun kontrakt to‘lovlariga ham tatbiq etiladi.

Shuningdek, banklar tomonidan ajratilgan ta’lim kreditlari (foizlari bilan)ni to‘lash uchun sarflangan mablag‘larga ham soliq imtiyozi qo‘llanadi.

Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan super-kontrakt narxi qanday hisoblanishi haqida yozgandi.