Avto

O‘zbekistonda yil boshidan buyon 75 mingga yaqin Cobalt sotildi

Jami 216 mingdan ziyod avtomobillar sotildi
UzAuto Motors kompaniyasi
Foto: Autostrada

Joriy yilning dastlabki yetti oyida mamlakat bo‘yicha jami 216 283 dona avtomobil sotildi. Bu haqda «Uzavtosanoat» xabar berdi.

Bozorning yarmidan ko‘prog‘i UzAuto Motors ulushiga to‘g‘ri keldi: kompaniya 109 222 dona avtomobil realizatsiya qilib, umumiy hajmning 50,5 foizini egalladi. Ikkinchi o‘rinda Khorezm Auto – 69 091 dona va 31,94 foizlik ulush bilan, uchinchi o‘rinni ADM Jizzakh 24 697 dona (11,42 foiz) ko‘rsatkich bilan egalladi.

To‘rtinchi o‘rinda BYD Uzbekistan 12 211 dona savdo bilan 5,65 foizlik ulushni qayd etdi. Qolgan ishlab chiqaruvchilar – Asaka Motors (723 dona, 0,33 foiz), SamAuto (274 dona, 0,13 foiz) va Jizzakh Auto (65 dona, 0,03 foiz) – bozorning juda kichik qismini egalladi.

Umuman olganda, bozor yuqori konsentratsiyaga ega: to‘rtta yirik ishlab chiqaruvchi birgalikda savdolarining qariyb 99,5 foizini ta’minladi. UzAuto Motors va Khorezm Autoning birgalikdagi ulushi 82,44 foizga teng bo‘lib, peshqadam kompaniyalar o‘rtasidagi raqobatning aynan shu segmentda kechayotganini ko‘rsatadi. UzAuto Motors natijasi Khorezm Auto ko‘rsatkichidan qariyb 40 ming dona ko‘proq, ya’ni deyarli 1,6 baravar yuqori.

Bozorda eng ommabop avtomobil – Cobalt bo‘lib, ushbu davrda 74 773 dona sotilgan. Ikkinchi o‘rinda Damas (49 682 dona), uchinchi o‘rinda esa Tracker (21 376 dona) joy oldi. Shuningdek, Labo 19 409 dona, Onix 11 729 dona va Sonet 9 953 dona ko‘rsatkich bilan yuqori o‘ntalikdan o‘rin oldi.

Bundan tashqari, yangi modellar orasida Song Plus Champion DMI (3 104 dona), Yuan Up (2 762 dona) va Chazor (2 631 dona) xaridorlar orasida talabgir bo‘ldi.

Pastroq o‘rinlarda Malibu (585 dona), Song Plus Champion EV (424 dona), Seagull (367 dona), Traverse (234 dona), Tucson (220 dona) kabi modellarning natijalari qayd etilgan.

Eng kam sotilgan avtomobillar esa Crossland (2 dona) va EV6 (1 dona) bo‘lib, ular reytingning oxirgi pog‘onasida qayd etildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan kelajakda Chevrolet Cobalt o‘rnini qaysi mashina egallashi mumkinligi haqida yozgandi.