Sirdaryoda qalbaki 150 ming dollarning savdosi to‘xtatildi

Sirdaryo viloyatining Oqoltin tumanida yashovchi fuqaro qalbaki $150 ming savdosi chog‘ida qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, 1998-yilda tug‘ilgan fuqaro qalbaki dollarini «shartli xaridor»ga haqiqiy $30 mingga sotmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur fuqaro Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyer shahar sudining 2024-yil dekabr oyidagi hukmi bilan aybdor deb topilib, unga nisbatan 1 yil 10 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan va hozirda jazoni o‘tayotgan shaxs hisoblanadi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida u Qozog‘iston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan ushbu qalbaki kupyuralarni Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida yashovchi fuqaro orqali olgani aniqlangan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qonunbuzarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Hozirda tergov harakatlari doirasida uning jinoiy sheriklarini aniqlash bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Farg‘ona viloyati DXX Qo‘qon shahar bo‘limi xodimlari 2003-yilda tug‘ilgan fuqaroni qalbaki pullarni muomalaga kiritishda ayblab ushlangani haqida yozgandi.