Toshkentda issiqlik tariflari nega oshirilmoqda

2025-yil davomida gaz (20%), elektr energiyasi (11%) va sotib olinadigan issiqlik (13%) narxlari oshdi. Bu esa issiqlik ta’minoti kompaniyalari uchun ishlab chiqarish tannarxining keskin ortishiga olib keldi. Shunday sharoitda Veolia Energy Tashkent ham tariflarni qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘lganini ma’lum qildi.
Natijada, issiqlik ta’minoti umumiy tarifi atigi 7,1 foizga(664 465 so‘mdan 711 641 so‘mgacha/Gkal), aholiga xizmat ko‘rsatish narxi esa 15 foizga oshadi (121 617 so‘mdan 139 860 so‘mgacha/Gkal).
Bu ko‘rsatkichlar ishlab chiqarish tannarxidan ancha past bo‘lib, davlatning asosiy subsidiyalari saqlanib qolmoqda.
Subsidiyalar: imkoniyatmi yoki yukmi?
Hozirgi kunda issiqlik ta’minoti xizmati 82% budjet subsidiyalari hisobiga qoplanadi. Tarif oshirilgach, aholining ulushi 19,7%, davlatning esa 80,3% bo‘lib qoladi. Bu – katta nomutanosiblik.
Davlat strategiyasiga ko‘ra, 2030-yilgacha issiqlik ta’minoti subsidiyalarini bosqichma-bosqich qisqartirish rejalashtirilgan. Aks holda, shahar budjeti uchun issiqlik tizimini qo‘llab-quvvatlash tobora og‘ir yuk bo‘lib qoladi.
Budjet tashkilotlari va biznes uchun tariflar
Byudjet muassasalari uchun tarif 18,8 foizga oshirildi. Bu ularga imtiyozlarni qisqartirish bilan bog‘liq. Yuridik shaxslar uchun esa oshirish 40 foizni tashkil etdi. Chunki ular avval tannarxdan ancha past narxda to‘lab kelgan.
Veolia Energy Tashkent nimani o‘zgartirdi?
Kompaniya 2021-yildan beri issiqlik tizimini modernizatsiya qilish bilan shug‘ullanmoqda. Muhim natijalardan biri – issiqlik yo‘qotishlarini 44,3% dan 33,4% gacha kamaytirish bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich asosan quyidagi ishlarga bog‘liq:
- quvurlarni almashtirish (70%);
- qozonlarni kapital ta’mirlash;
- izolyatsiyani yangilash;
- avariya holatlarini bartaraf etish.
2022–2024 yillarda 225 mln m³ gaz, 49,6 mln kVt·soat elektr energiyasi va 29,3 mln m³ issiq suv tejaldi. Bu o‘z navbatida tariflarning boshqa kommunal xizmatlardagidek keskin oshmasligiga imkon berdi.
Modernizatsiya va uning ijtimoiy narxi
Toshkent issiqlik tarmoqlarining 68 foizi hali ham eskirgan. Shu sababli shaharda ko‘plab qazish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
2022–2025 yillarda 187 km quvur almashtirilib, 90 km issiqlik izolyatsiyasi yangilandi. 59 ta qozon va 19 ta nasos stansiyasi kapital ta’mirlandi.
2025–2026 yillarga esa yanada katta hajmda yangilanish rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda issiqlik ta’minoti va issiq suv narxlari 15 foizga oshishi mumkinligi haqida yozgandi.