Tramp-Putin uchrashuvi aniq kelishuvsiz yakunlandi

AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya rahbari Vladimir Putin Alyaskadagi sammitdan keyin jurnalistlarning savollariga javob bermadi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, batafsil bayonotlar allaqachon aytilgan. Uchrashuv «juda ijobiy» o‘tgani, tomonlar hamkorlikda yechim izlash yo‘lida davom etishini bildirdi.
Tramp Fox News’ga bergan intervyusida ham Putin, ham Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy uni bo‘lajak uchrashuvga taklif qilishini aytgan.
«Ular ikkalasi ham meni istashdi. Men boraman», — dedi u.
Tramp tinchlikka qisqa muddatda erishish mumkinligiga ishonishini ham qo‘shimcha qilgan. Shu bilan birga, u avval Rossiya-Ukraina urushini «eng oson hal qilinadigan mojarolardan biri» deb o‘ylagani, lekin buning «eng qiyin» bo‘lib chiqqanini tan oldi.
Sanksiyalar vaqtincha chetga surildi
Tramp sammit juda yaxshi o‘tgani uchun Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar yoki «og‘ir oqibatlar» qo‘llashni hozircha rejalashtirmasligini bildirdi.
«Ehtimol, ikki yoki uch haftadan keyin bu haqda o‘ylashim mumkin, lekin hozir bunga hojat yo‘q», — degan Tramp Hannitiga bergan intervyusida.
Xulosa qilib aytganda, Tramp-Putin sammitida aniq hujjat yoki kelishuv imzolanmadi, ammo tomonlar muzokaralarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tramp va Putinning Alyaskadagi uchrashuvi boshlangani haqida yozgan edi.