AQSh Gʻazo fuqarolariga viza berishni vaqtincha toʻxtatdi

AQSh davlat departamenti 16-avgust kuni Gʻazo aholisi uchun viza berish jarayoni toʻxtatilganini maʼlum qildi. Bu haqda Fox News xabar berdi.
Ma’lumotda aytilishicha, qaror sabablariga aniqlik kiritilmagan. Departamentning izohida faqatgina Gʻazodan keluvchilar uchun viza berish jarayoni toʻliq va batafsil qayta koʻrib chiqilmoqda, deya qayd etilgan. Shuningdek, soʻnggi kunlarda berilgan tibbiy-gumanitar vizalar ham tekshiruvdan oʻtkazilayotgani bildirildi.
Tramp ma’muriyati iyun oyidan boshlab vizaga murojaat qilish tartibini murakkablashtirgan edi. Endilikda arizachilarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati ham sinchkovlik bilan oʻrganilmoqda. Departament oʻsha paytda «har bir viza milliy xavfsizlik qarori» ekanini ta’kidlab, AQSh manfaatlariga tahdid soluvchi shaxslarga mamlakatga kirishga yoʻl qoʻyilmasligini bildirgan edi.
Shuningdek, Gʻazodan chiqishga oid cheklovlar boshqa davlatlarda ham kuzatilmoqda. Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan Noel Barro avgust boshida evakuatsiyalarni toʻxtatganini e’lon qilgan. Bu qarorga falastinlik talabalardan biri internetga Adolf Gitler suratini joylab, yahudiylarga qarshi chaqiriqlar tarqatgani sabab boʻlgan.
Reuters agentligi Falastin markaziy statistika byurosiga tayanib xabar berishicha, 2025-yil 1-yanvar holatiga koʻra, Gʻazo aholisi 2023-yil oktabrida boshlangan Isroil–Hamas urushidan buyon 6 foizga kamaygan. Bu koʻrsatkichga taxminan 100 ming nafar Gʻazoni tark etgan falastinliklar ham kirgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShga viza olish uchun $250 lik yangi to‘lov joriy etilgani haqida xabar bergan edi.