Yangiliklar

Forish tumani hokimi oʻrinbosari 20 ming dollar pora olayotganda ushlandi

Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi
Foto: DXX

Jizzax viloyatining Forish tumani hokimi oʻrinbosari pora olayotganda ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.

Rasmiy xabarga koʻra, u iyun oyida qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi MChJ auksion orqali yutib olgan 204 gektar sugʻoriladigan yer maydonini hokimlik zaxirasiga qaytarmaslikni va tadbirkor kelgusida bu yerdan erkin foydalanishini ta’kidlagan.

Buning evaziga hokim oʻrinbosari $30 ming pora talab qilgan. U $20 mingini xizmat avtomashinasida olayotganida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi. Qolgan $10 mingni esa hosil yigʻimidan keyin berilishi kerakligi aytilgan.

Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirda u qamoqqa olingan va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Fargʻonada bojxona posti boshligʻi pora bilan ushlangani haqida xabar bergan edi.