Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev Pokistonga xalqiga ta’ziya yoʻlladi

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofatlar qurbonlari soni 400 nafardan oshib ketgan
Foto: AP

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokistonda yuz bergan kuchli yogʻingarchilik, suv toshqinlari va koʻchkilar oqibatida yuzlab insonlar halok boʻlgani munosabati bilan ta’ziya yoʻlladi.

Prezident davlat rahbari Asif Ali Zardariy va bosh vazir Shahboz Sharifga yoʻllagan murojaatida marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi hamda jarohatlanganlarga tezroq sogʻayib ketishini tiladi.

Pokiston shimoli-gʻarbida kechgan kuchli musson yomgʻirlari va sel oqibatida yuzlab uy-joylar vayron boʻldi. Faqat Xayber-Paxtunxva provinsiyasining oʻzida 300 nafardan ortiq odamlar halok boʻlgani xabar qilinmoqda. Ayrim hududlarda butun qishloqlarni suv bosgani, qutqaruvchilarni yetkazish mushkul boʻlgani aytilmoqda.

Soʻnggi ma’lumotlarga koʻra, Pokiston, Hindistonning Kashmir hududi va Nepalda tabiiy ofatlar qurbonlari soni 400 nafardan oshib ketgan. Hindistonning Kashmirida kamida 60 kishi halok boʻlgan, 200 dan ortiq odamlar bedarak yoʻqolgan. Nepalda esa 41 kishi vafot etgani ma’lum qilindi.

Mutaxassislarning fikricha, bu yilgi musson mavsumidagi suv toshqinlari avvalgidan ham vayronkor boʻlib, iqlim oʻzgarishi oqibatlari tobora sezilmoqda. Pokiston meteorologiya xizmati yaqin kunlarda ham kuchli yogʻingarchilik va yangi toshqinlar kutilayotganini ogohlantirdi.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston va Pokiston yetakchilari Transafgʻon temir yoʻli loyihasini muhokama qilgani haqida xabar bergan edi.