
Ilon Mask asos solgan SpaceX kompaniyasining sun’iy yoʻldosh internet xizmati Starlink Oʻzbekistonda 2026-yildan boshlab ishga tushirilishi mumkin. Bu haqda servisning rasmiy saytida ma’lumot paydo boʻldi.
Dastlab kompaniya Oʻzbekiston bozoriga 2023-yilda kirishi rejalashtirilgandi. Keyinchalik muddat 2025-yilga surildi, endi esa yana bir yilga kechiktirildi.
SpaceX bundan oldin 2022-yilda Oʻzbekistonda yirik loyihalar amalga oshirishga tayyor ekanini bildirgan. Shuningdek, «Oʻzbekkosmos» taklifi qabul qilinsa, 2028-yilda Xalqaro astronavtika kongressi Toshkentda oʻtkazilishi va Ilon Mask ham tadbirga tashrif buyurishi ehtimoli bor.
Qozogʻistonda esa Starlink allaqachon ishga tushdi. Xizmat 2025-yil 13-avgustdan boshlab butun mamlakat boʻylab ochildi. Ungacha u faqat sinov tariqasida ishlagan va tezkor internetdan asosan chekka hududlardagi maktablar foydalangan.
Ma’lumot uchun, Starlink tizimi 2015-yilda ishlab chiqilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi dunyoning istalgan hududida, hatto eng olis joylarda ham yuqori tezlikdagi internetni ta’minlashdir.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozogʻistonda 42 ta qishloq maktabi Starlink tizimiga ulangani haqida xabar bergan edi.