Toshkentda talabalar soxta ijara e’lonlaridan ehtiyot boʻlishga chaqirildi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
So‘nggi paytlarda internetda arzon ijara uylar haqidagi e’lonlar ko‘paygan
Foto: Kursiv Uzbekistan

Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi yangi oʻquv yili oldidan talabalar va ularning ota-onalarini firibgarlik holatlaridan ogohlantirdi.

Ta’kidlanishicha, soʻnggi paytlarda internetda arzon ijara uylar haqidagi e’lonlar koʻpaygan. Firibgarlar aslida oʻzlariga tegishli boʻlmagan xonadonlarning suratlarini joylab, talabalar bilan bogʻlanadi. Ular «uy saqlab qoʻyish» yoki «ikki oylik toʻlovni oldindan berish» sharti bilan pul talab qiladi. Toʻlov oʻtkazilgach esa aloqani uzib, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini yopib qoʻyishadi.

IIBB bunday holatlardan saqlanish uchun talabalar va ularning yaqinlariga uy egasi bilan shaxsan uchrashib, xonadonni koʻrmaguncha biror toʻlov qilmaslikni tavsiya qildi. Shuningdek, ijara shartnomasini faqat uy egasining shaxsi tasdiqlangach imzolash lozimligi eslatildi.

«Begona shaxslarga shaxsiy ma’lumotlarni bermang, yaqinlaringizni ham ogohlantiring», — deyiladi boshqarma xabarida.

Ma’lumot uchun, 1-avgustdan boshlab my.gov.uz portali orqali talabalar turarjoyiga ariza topshirish jarayoni boshlangan. Avval imtiyozli va ustuvor talabgorlar joylashtiriladi, soʻngra qolgan oʻrinlar umumiy roʻyxatdagilarga navbat asosida taqsimlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda kvartiralarning yangilangan ijara narxlari ma’lum boʻlgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek