Toshkentda talabalar soxta ijara eʼlonlaridan ehtiyot boʻlishga chaqirildi

eʼlon qilindi
Soʻnggi paytlarda internetda arzon ijara uylar haqidagi eʼlonlar koʻpaygan
Foto: Kursiv Uzbekistan

Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi yangi oʻquv yili oldidan talabalar va ularning ota-onalarini firibgarlik holatlaridan ogohlantirdi.

Taʼkidlanishicha, soʻnggi paytlarda internetda arzon ijara uylar haqidagi eʼlonlar koʻpaygan. Firibgarlar aslida oʻzlariga tegishli boʻlmagan xonadonlarning suratlarini joylab, talabalar bilan bogʻlanadi. Ular «uy saqlab qoʻyish» yoki «ikki oylik toʻlovni oldindan berish» sharti bilan pul talab qiladi. Toʻlov oʻtkazilgach esa aloqani uzib, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini yopib qoʻyishadi.

IIBB bunday holatlardan saqlanish uchun talabalar va ularning yaqinlariga uy egasi bilan shaxsan uchrashib, xonadonni koʻrmaguncha biror toʻlov qilmaslikni tavsiya qildi. Shuningdek, ijara shartnomasini faqat uy egasining shaxsi tasdiqlangach imzolash lozimligi eslatildi.

«Begona shaxslarga shaxsiy maʼlumotlarni bermang, yaqinlaringizni ham ogohlantiring», — deyiladi boshqarma xabarida.

Maʼlumot uchun, 1-avgustdan boshlab my.gov.uz portali orqali talabalar turar joyiga ariza topshirish jarayoni boshlangan. Avval imtiyozli va ustuvor talabgorlar joylashtiriladi, soʻngra qolgan oʻrinlar umumiy roʻyxatdagilarga navbat asosida taqsimlanadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda kvartiralarning yangilangan ijara narxlari maʼlum boʻlgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek