
Turkiyalik tajribali murabbiy Fotih Terim Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyiga aylanishi mumkin. Bu haqda bir qator turk nashrlari xabar bermoqda.
Manbalarga koʻra, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi 71 yoshli mutaxassisga allaqachon rasmiy taklif yuborgan. Terim esa yakuniy qarorga kelish uchun vaqt soʻragan. Agar u rozilik bildirsa, 2026-yilda AQSh, Meksika va Kanadada boʻlib oʻtadigan Jahon chempionatida «oq boʻrilar»ni boshqarishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Fotih Terim Turkiya milliy terma jamoasi bilan Yevro – 2008 va Yevro – 2016 musobaqalarida ishtirok etgan. U Istanbulning «Galatasaroy» klubi bilan UEFA kubogini qoʻlga kiritgan, shuningdek, «Fiorentina», «Milan» va «Panatinaikos» klublarida ham faoliyat olib borgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yoaxim Lyov Oʻzbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi boʻlish taklifini rad etgani haqida xabar bergan edi.