Apple AQSh iqtisodiyotiga $100 milliard sarmoya kiritadi

Apple kompaniyasi AQSh iqtisodiyotiga qo‘shimcha $100 mlrd investitsiya kiritishini e’lon qildi. Bu haqda Robotics & Automation News nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, kompaniyaning umumiy sarmoyasi keyingi to‘rt yil ichida $600 mlrdga yetadi. Bu tashabbus «Amerikaga sodiqlik» sifatida taqdim etilmoqda.
Yangi American Manufacturing Program (AMP) doirasida Apple Corning, Coherent, GlobalWafers America, Texas Instruments, Samsung va boshqa yirik kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi. Kentukkida dunyodagi eng yirik smartfon oynasi ishlab chiqarish zavodi, Texasda esa Face ID texnologiyasida qo‘llaniladigan lazerlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Apple, shuningdek, AQShda to‘liq mahalliy chip ishlab chiqarish zanjirini yaratishni maqsad qilmoqda. 2025-yilda 19 mlrddan ortiq chip ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Keyingi to‘rt yilda kompaniya 20 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratadi.
Bundan tashqari, Apple turli shtatlarda data-markazlarini kengaytiradi va Detroytda Apple Manufacturing Academy ochib, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlaydi. Bu sarmoyalar AQShning yuqori texnologiyalar sohasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyoning eng qimmat brendlari haqida yozgan edik.