
Apple bu yil ketma-ket to‘rtinchi marta dunyodagi eng qimmat brendlar reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda BrandZ Top 100 Most Valuable Global Brands’ning yillik hisobotida keltirilgan.
Kompaniya qiymati bir yil ichida 28 foizga o‘sib, $1,3 trillionga yetdi. Ikkinchi o‘rinda — Google (Alphabet Inc. holdingi). Uning qiymati 25 foizga o‘sib, $944,1 milliardga yetgan. Microsoft Corp. qiymati 24 foizga oshib, $884,8 milliardni, Amazon.com Inc. esa 50 foizga o‘sib, $866,1 milliardni tashkil etdi.
Beshinchi o‘ringa Nvidia Corp. ko‘tarildi. Uning qiymati 2,5 barobarga oshib, $509,4 milliardga yetgan. Keyingi o‘rinlarda Facebook va Instagram joylashgan. Ularning qiymati mos ravishda $300,7 milliard va $229 milliardni tashkil etdi. O‘tgan yili eng yaxshi beshlikka kirgan McDonald’s qiymati 0,4 foizga kamayib, $221 milliard bo‘ldi.
Shuningdek, dunyoning eng qimmat o‘nta brendi qatoriga Oracle Corp. va Visa Inc. ham kirdi. Ularning qiymati mos ravishda 48 foizga ($215,35 milliard) va 12,9 foizga ($213,35 milliard) oshgan.
Nvidia’dan tashqari, o‘tgan yilda eng katta o‘sish (ikki barobardan ortiq) Xitoyning Huawei ($64,7 milliard, 39-o‘rin) va Xiaomi ($21,9 milliard, 96-o‘rin), shuningdek, Amerikadagi VMware Inc. ($47 milliard, 55-o‘rin) brendlarida qayd etildi.
ChatGPT ($43,6 milliard, 60-o‘rin), Stripe ($26,1 milliard, 85-o‘rin), Chipotle Mexican Grill ($26,1 milliard, 86-o‘rin) va Shvetsiyaning Spotify ($29,7 milliard, 76-o‘rin) brendlari ham yuztalikka kirdi.
2006-yildan beri BrandZ Top 100 kompaniyasi Kantar agentligi bilan hamkorlikda dunyoning eng qimmat brendlari reytingini tuzib kelmoqda. Reytingni shakllantirishda kompaniyalarning moliyaviy ko‘rsatkichlari va taxminan 4,5 million iste’molchining fikrlari inobatga olinadi.
Ma’lum uchun, 2025-yilning uchinchi choragida Apple daromadi o‘tgan yilga nisbatan 10 foizga oshgandi. Kompaniya chorakni $94 mlrd daromad bilan yakunladi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 10 foiz yoki $8,2 mlrd ko‘p.
Bundan oldin Nvidia aksiyalari qimmatlashayotgani, hattoki Xuang Forbes ro‘yxatida Baffetdan o‘zib ketgani haqida yozgandik.
Unga ko‘ra, Nvidia aksiyalari 2025-yil boshidan iyul oyi boshiga qadar 22 foizga oshgan.
9-iyul kuni Nvidia tarixda birinchi kompaniya bo‘lib birja savdolarida $4 trillionlik bozor qiymatini ortda qoldirdi. Biroq kompaniya birja yopilguncha bu natijani ushlab turolmadi. 10-iyulda ham kompaniya qiymati shu ko‘rsatkichdan oshib ketdi. Nvidia hozirda dunyodagi eng qimmat jamoat kompaniyasi hisoblanadi.