
20-avgust kuni rasmiy taqdimoti bo‘ladigan Google Pixel 10 Pro Fold haqidagi barcha texnik ma’lumotlar WinFuture tomonidan e’lon qilindi. Yangi bukiluvchi smartfon Samsung Galaxy Z Fold7 bilan raqobatlashadi.
Qurilma tashqi 6,4 dyuymli OLED ekranga ega bo‘lib, 120 Hz yangilanish tezligi va 2364×1080 pikselli aniqlikni taqdim etadi. Ichki ekran 8 dyuymli OLED bo‘lib, 2156×2076 pikselli yuqori sifatli tasvir beradi. Har ikkala ekran yorqinligi 3000 nitgacha yetadi.
Smartfon Tensor G5 protsessori va Titan M2 xavfsizlik chipi bilan jihozlangan. Operativ xotira hajmi 16 GB, ichki xotira esa 1 TB gacha.
Asosiy kamera uch moduldan iborat: 48 MP asosiy sensor, 10,5 MP ultra-keng modul va 10,8 MP 5x optik zoomli modul. Har ikkala ekranga mo‘ljallangan old kameralar 10 MP tiniqlikka ega.
Batareya sig‘imi 5015 mA·soat, 30 Vt tezkor quvvatlash va 15 Vt Qi2 simsiz quvvatlash qo‘llab-quvvatlanadi. Qurilma Android 16 bilan taqdim etilib, 7 yil davomida yangilanishlarni oladi.
Pixel 10 Pro Fold IP68 himoyasi, Wi-Fi 7, Bluetooth 6, NFC, UWB, stereodinamiklar va yon tomondagi barmoq izi skaneri bilan ta’minlangan. Og‘irligi 258 g, qalinligi bukilganida 10,8 mm, yozilganida 5,2 mm.
Google’ning yangi flagmani global bozorda Samsung Galaxy Z Fold7 bilan kurashishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Google Pixel 10 smartfonlarining to‘rt modeli va narxlari oshkor qilingani haqida yozgan edi.