Isroilda urushga qarshi va garovdagilarni ozod qilish talabi bilan namoyishlar o‘tkazildi

Isroilda yuz minglab odamlar G‘azo urushiga chek qo‘yish va Hamas qo‘lida qolayotgan garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha kelishuv talab qilib ko‘chalarga chiqdi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Namoyishchilar ish tashlash e’lon qildi, natijada yo‘llar, universitetlar va bir nechta idoralar yopildi. Kun davomida qariyb 40 kishi qo‘lga olindi.

Biroq bosh vazir Benyamin Netanyaxu noroziliklarni tanqid qilib, ular Hamasning pozitsiyasini mustahkamlashini ta’kidladi. Isroilning o‘ta o‘ng qanot vaziri Bezalel Smotrich esa bu chiqishlarni «Hamas qo‘liga o‘ynaydigan zararli kampaniya» deb atadi.
Garovdagilar oilalari esa hukumatdan bitimni amalga oshirish va urushni to‘xtatishni talab qilmoqda. Ularning fikricha, Isroil hukumati dastlab o‘zini himoya qilish uchun boshlagan urushni «ma’nosiz urush»ga aylantirib yuborgan.

Namoyishlar Isroil hukumati G‘azo shahrini to‘liq egallash qarori ortidan kuchaydi. BMT esa bu rejani keskin qoraladi. Shu bilan birga, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda aholining 90 foizi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, urush 2023-yil 7-oktabrda Hamasning Isroilga hujumi ortidan boshlangan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Gʻazo fuqarolariga viza berishni vaqtincha toʻxtatgan edi.