
Beshbarmoq – turkiy xalqlarning an’anaviy taomi bo‘lib mazkur taom besh barmoq bilan olib yeyilgani uchun ham taomga nom bo‘lib qolgan. Bu taom juda mazali bo‘libgina qolmay quvvatga boy taom hamdir. Ayniqsa, Qoraqalpog‘istonda ushbu ovqat juda mashhur.
Kursiv Uzbekistan kechki ovqatga beshbarmoq tayyorlashda yordamlashadi.
Kerakli masalliqlar
Mahsulot | Miqdori |
---|---|
Qo‘y go‘shti | 1,2 kg |
Mol go‘shti | 1,2 kg |
Piyoz | 1–2 bosh |
Sabzi | 1 dona |
Qazi | 300 g |
Tuz va qora murch | Ta’bga ko‘ra |
Suv | 2 litr |
Xamir uchun mahsulot | Miqdori |
---|---|
Un | 320–350 g |
Tuxum | 1 dona |
Sho‘rva bulyoni | 100 ml |
Tuz | 1 choy qoshiq |
Tayyorlash bosqichlari: go‘shtni qaynatish
Qozonga qo‘y va mol go‘shtini, 1 dona sabzi va butun piyozni solib, 2 litr sovuq suv quyiladi. Sekin olovda 2–3 soat davomida qaynatiladi. Qaynash jarayonida ustida hosil bo‘lgan ko‘pik muntazam olinadi. Go‘sht yumshashiga yaqin tuz va murch qo‘shiladi.
Xamir qorish
Alohida idishda un elab olinadi. Ustiga 1 dona tuxum, 100 ml iliq sho‘rva bulyoni va tuz qo‘shilib, qattiqroq, qo‘lga yopishmaydigan xamir qoriladi. Xamirni yopib, 30 daqiqaga tindirish uchun chetga qo‘yiladi.
Xamirni yoyish va kesish
Tingan xamir yupqa qilib, 1,5–2 mm qalinlikda yoyiladi. So‘ngra 5–7 sm kattalikdagi rombsimon yoki to‘rtburchak shaklda kesib chiqiladi. Xamir bo‘laklari 15–20 daqiqa quritib qo‘yiladi.
Piyozli bulyon tayyorlash
Sho‘rvadan ajratilgan yog‘ alohida kichikroq idishga olinadi. Ustiga yupqa parrak qilib to‘g‘ralgan piyoz solinib, yumshaguncha pishiriladi. So‘ng bu piyozli aralashma yana sho‘rvaga qo‘shiladi.
Xamirni pishirish
Pishgan go‘sht qozondan olinadi. Sho‘rva ichiga xamir bo‘laklari solinib, 1–2 daqiqa qaynatiladi. So‘ng xamirlar olib, kattaroq laganga terib chiqiladi.
Taomni bezash
Go‘shtlar to‘g‘ralib yoki butunligicha xamir ustiga qo‘yiladi. Qazi bo‘laklari va pishirilgan piyoz aralashmasi bilan bezaladi.
Beshbarmoq issiq holda dasturxonga tortiladi. Yoniga sho‘rva alohida kosalarda berilishi mumkin. Yoqimli ishtaha!
Avvalroq Kursiv Uzbekistan uyg‘urcha lag‘mon qanday tayyorlanishi haqida yozgandi.