Avto

Li Auto i8 elektromobili qanday xususiyatlarga ega

Modelning texnik imkoniyatlari haqida so‘z boradi
Li Auto i8 avtomobili
Li Auto i8 avtomobili qanday xususiyatlarga ega / Foto: CarNewsChina

Li Auto kompaniyasi tomonidan ikkinchi Li Auto i8 elektromobili taqdim etildi. Bu model o‘zini rasmiy ravishda katta o‘lchamli uch qatorli SUV sifatida ko‘rsatadi, biroq uning dizayni va funksiyalari ko‘proq MPV (miniven) konsepsiyasiga yaqinlashadi.

O‘lcham va aerodinamika

Foto: CarNewsChina

Avtomobil oilaviy segmentning o‘rta va yuqori qismiga mo‘ljallangan. Li Auto i8 uzunligi 5085 mm, kengligi 1960 mm, balandligi 1740 mm va g‘ildirak bazasi 3050 mmga ega. Ushbu ko‘rsatkichlari bilan u boshqa o‘rta va katta SUV’lar qatorida raqobatlashadi. Biroq avtomobil 0,218 Cd aerodinamik qarshilik koeffitsienti bilan ajralib turadi. Bu uning o‘lchamida eng pastlardan biri.

Dizaynda oqimli chiziqlar va tomga yaqin joylashtirilgan LED chiroqlar qo‘llangan. Signal chiroqlarining balandligi atigi 7 mm bo‘lib, bu sanoatdagi eng ingichkalaridan biri. Yon tomondan qaraganda avtomobil ko‘proq ko‘z yoshiga o‘xshash oqim shaklini eslatadi. Orqa qismi esa Li Mega modeliga qaraganda soddaroq yechimda bajarilgan.

Salon va texnologiyalar

Foto: CarNewsChina

Salon Li Auto’ning an’anaviy ikki ekranli old paneli bilan jihozlangan, unga HUD va kichik rul ko‘rsatkich ekrani qo‘shilgan. O‘rindiqlar sport uslubida, yon qismlari yuqoriroq qilib ishlangan. Yorug‘lik tizimida turli rangdagi ambient LED chiroqlar ishlatiladi.

Ikkinchi qatorda nol gravitatsiya o‘rindiqlari, oyoq qo‘llab-quvvatlash funksiyasi, bukiluvchi stolcha va katta sovutkich joylashgan. Shuningdek, 21 dyuymli avtomatik ekranni ovoz yoki Bluetooth orqali boshqarish mumkin. Uchinchi qator esa tekis pol va yetarlicha oyoq joyi bilan segmentdagi eng tabiiy o‘tirish holatini taklif etadi.

Biroq yukxona hajmi o‘rtacha: bir nechta 20 dyuymli chamadon joylashadi, ammo qo‘shimcha yashirin bo‘shliq cheklangan. Uchinch qator bukilganda joy kengayadi, biroq pol tekis bo‘lib qolmaydi.

Haydash tajribasi

Foto: CarNewsChina

Shahar ichida avtomobilning moslashuvchan osmalari notekis yo‘llarni yumshatadi, biroq ba’zi keskin chiqishlarda tebranish seziladi. Shovqin izolyatsiyasi yuqori darajada: tezlikda ham shamol va shina tovushlari minimal.

Trassada esa Li Auto i8 barqarorligi bilan ajralib turadi. Keng g‘ildirak, muvozanatli og‘irlik taqsimoti va yaxshi sozlangan rul tizimi uzoq safarda ham ishonch bag‘ishlaydi. Ikki motorli to‘liq g‘ildirakdan tortuvchi versiya tezkor tezlanishni ta’minlaydi.

Foto: CarNewsChina

Regenerativ tormozlash bir necha darajada sozlanadi. U deyarli bir pedalli boshqaruv imkonini beradi. Mexanik va regenerativ tormoz o‘tishi silliq. Energiyani o‘rtacha 17 kVt·soat/100 km sarflaydi va Li Auto 5C tezkor zaryadlash tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydi.

Li Auto i8 aerodinamika, samaradorlik va oilaviy foydalanuvchanlikni birlashtirgan. Nol gravitatsiya o‘rindiqlar, 21 dyuymli orqa ekran va katta sovutkich kabi funksiyalar uni oilaviy sayohatlar uchun qulay qiladi.

Foto: CarNewsChina

Shunga qaramay, yashirin saqlash joylarining cheklanganligi va ovozli boshqaruvga haddan tashqari tayanish uning kamchiliklari bo‘lib qolmoqda. Umuman olganda, i8 Li Auto‘ning elektr transport segmentida o‘z pozitsiyasini mustahkamlab, SUV marketingini MPV amaliyoti bilan uyg‘unlashtirgan yangilik bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chery arzon elektromobillarini taqdim etgani haqida yozgan edi.