O‘zbekiston biznes muhiti indeksi besh pog‘ona yuqoriladi

O‘zbekiston biznes muhiti indeksi besh pog‘ona yuqoriladi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) ma’lum qildi.
Tadqiqot natijalarga ko‘ra, tadbirkorlarning uchdan bir qismi biznes faoliyati yaxshilanganini qayd etgan, aksariyat ishtirokchilar esa yaqin oylarda talab va bandlik o‘sishini kutmoqda.
Umumiy biznes muhiti indeksi 52 bandni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 5 bandga yuqori ko‘rsatkich qayd etildi. Tadqiqotda qatnashgan tadbirkorlarning 37 foizi so‘nggi uch oyda faoliyati yaxshilanganini, 42 foizi mahsulot va xizmatlarga talab ortganini, 24 foizi esa ishchilar soni ko‘payganini ta’kidladi.
Yaqin kelajak bo‘yicha so‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning 53 foizi esa ish o‘rinlari ko‘payishini, 25 foizi (har to‘rtinchi) narxlar oshishi ehtimolini bildirgan.
Tarmoqlar kesimida ham ijobiy tendensiya kuzatilmoqda. Qishloq xo‘jaligi va qurilishda indeks 50 bandni tashkil etib, tadbirkorlar biznesining yaxshilanganini qayd etmoqda. Sanoatda ko‘rsatkich 50 band atrofida bo‘lsa, xizmatlar sohasida 54 bandga oshgan.
Umuman olganda, ichki talabning barqarorligi va tadbirkorlarning ijobiy kayfiyati O‘zbekistonda biznes muhiti barqaror o‘sishda davom etayotganini ko‘rsatmoqda.
Bundan avval prezident 112 nafar ishbilarmonni «Faol tadbirkor» ko‘krak nishoni bilan taqdirlagani haqida yozgandik.