O‘zbekistonda irrigatsiya tizimlarini yangilash uchun budjetdan 1,3 trillion so‘m ajratiladi

O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarishda irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025 – 2028-yillarga mo‘ljallangan dasturi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, har yili irrigatsiya tarmoqlarining 2,5 ming kilometr qismi yangilanadi. Buning uchun Davlat budjetidan har yili kamida 1,3 trillion so‘m, shuningdek, xalqaro moliya institutlaridan $300 million mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Natijada suv ta’minoti yetarli bo‘lmagan sug‘oriladigan yerlar hajmi 424 ming gektardan 276 ming gektargacha qisqartiriladi.
Bundan tashqari, suv resurslarini oqilona boshqarish va muhofaza qilishni muvofiqlashtirish maqsadida respublika suv kengashi tashkil etiladi. Shuningdek, 2025-yil oxirigacha 15 ta nasos stansiyasiga quyosh panellari va energiya tejamkor qurilmalar o‘rnatilishi belgilangan.
Bundan avval Qoraqalpog‘iston va Xorazmda ayrim oilalarga ichimlik suvini ta’minlash xarajatlari uchun subsidiya berilishi haqida yozgandik.