
Redmi Note 15 Pro+ smartfoni Geekbench’da sinovdan o‘tdi. Smartfon katalogda 2510ERA8BC raqami bilan qayd etilgan, deya xabar berilmoqda platforma saytida.
Qurilma Qualcomm platformasiga asoslangan bo‘lib, grafik protsessor sifatida Adreno 810 ishlatilgan. Natijalar 1228 ball (bir yadro) va 3230 ballni (ko‘p yadro) tashkil qildi. Operativ xotira hajmi 16 GB bo‘lsa, operatsion tizim Android 15’da ishlagan.
Avvalgi ma’lumotlarga ko‘ra, Redmi Note 15 Pro+ Snapdragon 7s Gen 4 chipi bilan ta’minlanadi. Qurilma 1,5K OLED ekran, 7000 mA·soat sig‘imli akkumulyator va 90 Vt tezkor quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shuningdek, ikkita 50 MP kamera va sun’iy yo‘ldosh orqali xabar yuborish funksiyasi ham bo‘lishi kutilmoqda. Rasmiy taqdimot kelasi hafta o‘tkaziladi.
Ma’lumot o‘rnida, Geekbench bu smartfon, planshet va kompyuterlar uchun test dasturi. U qurilmaning protsessori (CPU) va grafik protsessori (GPU) imkoniyatlarini maxsus hisob-kitoblar orqali sinab ko‘radi va natijani ball ko‘rinishida chiqaradi.
Geekbench ballari oddiy foydalanuvchi qo‘lda hisoblaydigan formula orqali emas, balki maxsus algoritmlar va test vazifalari orqali hisoblanadi. Geekbench natijalarni ma’lum bir standart qurilma bilan solishtiradi. Masalan, ballar odatda Apple MacBook Pro 2017 (Intel Core i7-6600U) yoki boshqa bazaviy protsessor ko‘rsatkichlariga tenglashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xiaomi 16 Pro Max smartfoni haqida tafsilotlar ma’lum bo‘lgani haqida yozgan edi. Smartfon uchta 50 MP kameraga ega bo‘ladi. Asosiy sensor SmartSens 590 bo‘lib, 1/1,28 dyuymli format va LOFIC 2.0 texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Periskopli kamera esa 5 karra optik zoomga ega bo‘ladi.