
22–23-avgust kunlari O‘zbekiston bo‘ylab «Obod va fayzli mahalla — yurt ko‘rki» shiori ostida umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori asosida «O‘zA» xabar berdi.
Tadbir davomida mahallalar, ko‘p qavatli uylar atrofi, xiyobonlar, qabristonlar, ko‘chalar va bolalar maydonchalari tartibga keltiriladi. Daraxtlarni oqartirish va butash ishlari ham tashkil etiladi.
Shuningdek, ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning yashash sharoitlarini yaxshilashga ko‘maklashish belgilangan. Hashar ishtirokchilari texnika va zarur anjomlar bilan ta’minlanadi, chiqindilar esa maxsus joylarga olib chiqiladi.
Hukumat xavfli hududlarda — avtomobil yo‘llari, qurilish maydonlari va suv obyektlari atrofida hech qanday tashabbuskor ishlarni o‘tkazishni qat’iyan man etdi.
Rasmiy qarorga ko‘ra, hashar vaqtida aholining majburiy mehnatga jalb etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Hashar obodonlashtirish ishlari mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilingan holda amalga oshirilishi shart.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan marhamatdagi maktab o‘qituvchilari ishtirokidagi hashar bo‘yicha chora ko‘rilgani haqida yozgandi.