«Toshkent» RFB komissiyalarni kamaytirishni rejalashtirmoqda

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB) qimmatli qog‘ozlar savdosida amal qiluvchi komissiya to‘lovlari miqdorlarini qisqartirish bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi boshlanganini ma’lum qildi.
Yangi takliflarga ko‘ra, asosiy bo‘limdagi bitimlar uchun birja komissiyasi 20 foizga kamayib, 0,30 foizdan 0,24 foizga tushirilishi kutilmoqda. 10 mlrd so‘mdan yuqori bitimlar uchun esa to‘lov 30 foizga qisqarib, 0,2 foizdan 0,14 foizga tushiriladi.


Taklif va mulohazalarni 2025-yil 28-avgustgacha forum.uzse.uz chatida muhokama qilish yoki info@uzse.uz elektron pochta manziliga yuborish mumkin.
Avvalroq odamlar nega aksiya sotib olishi haqida yozgandik.
Bundan tashqari, o‘tgan 1-avgustdan 8-avgustgacha davrda «Toshkent» respublika fond birjasida (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 1,05 foizga tushdi.
Bunda «Hamkorbank»ning imtiyozli aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 11,07 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Qo‘qon mexanika zavodi» (+7,87%) va «Biokimyo» (+6,24%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Biroq «O‘zbektelekom» aksiyalari (imtiyozli) 8,58 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Hamkorbank»ning oddiy aksiyalari (-3,97%) va «Olmaliq KMK» imtiyozli aksiyalari (-3,67%) ham pasayish bilan ajralib turdi.