Yangiliklar

Toshkentda qiymati 290 million dollarlik Olimpiya shaharchasi ochildi

Shavkat Mirziyoyev shaharcha ochilishiga tashrif buyurdi

Shavkat Mirziyoyev Toshkentda qurilishi yakunlangan $290 millionlik Olimpiya shaharchasi bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha 2022-yilda boshlangan bo‘lib, 100 gektardan ortiq hududda qisqa muddatda barpo etildi. Bu majmua CAMC Engineering kompaniyasi tomonidan xalqaro standartlarga muvofiq qurildi.

Shaharchada 5 ta yirik sport majmuasi, 12 ming o‘rinli stadion, xalqaro talablarga javob beruvchi velodrom va suv sporti saroyi mavjud.

Yana bir muhim obyekt – ulkan suv sporti saroyi bo‘lib, unda xalqaro miqyosdagi suzish, suvga sakrash va suv polosi bo‘yicha turnirlarni tashkil qilish imkoniyati bor. World Aquatics federatsiyasi vakillari majmuani ko‘zdan kechirib, uni xalqaro standartlarga to‘liq mos deb topdi.

Shuningdek, shaharchada voleybol, basketbol, gandbol, dzyudo, boks va taekvondo kabi sport turlari uchun mo‘ljallangan zal va arenalar, 15 ta ochiq sport maydoni, 400 o‘rinli Paralimpiya yotoqxonasi hamda sport tibbiyoti markazi joylashgan.

«Xalqaro musobaqalarda bayrog‘imizni baland ko‘tarib, mamlakatimiz rivojini namoyon etyapsizlar. Sizning har bir yutug‘ingiz xalqimiz uchun katta g‘urur, yoshlarimizga kuch, dalda. Bu harakatlarni davom ettirib, bolalarni ortingizdan ergashtirib, sportimizni yanada yuksaltirishingizni tilaymiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Olimpiya shaharchasidagi barcha inshootlar energiya tejamkor texnologiyalar asosida barpo etilgan bo‘lib, avtoturargohlar ustiga quyosh panellari o‘rnatiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yil 13-apreldan boshlab, 1-sentabrgacha Olimpiya shaharchasi hududida yer osti tunneli qurilishi ishlari olib borilishi sababli CAEX ko‘rgazma majmuasidan Yangi O‘zbekiston bog‘i kiraverishigacha bo‘lgan yo‘l qismi yopilgani haqida yozgandi.