Toshkentda yangi futbol markazi ochildi

Mustaqillik bayrami arafasida Toshkent viloyatida zamonaviy futbol majmuasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unda bir vaqtning o‘zida 6 ta terma jamoa mashg‘ulot o‘tkazishi uchun stadionlar, sport zallari, o‘quv binolari, mehmonxona, futzal maneji, plyaj futboli maydoni va reabilitatsiya bo‘limi barpo etildi.

Markazda to‘rtta muhim tuzilma – Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazi, Terma jamoalar tayyorgarlik markazi, Respublika futbol akademiyasi hamda Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazi faoliyat boshladi.
Akademiyada yosh iste’dodlarni saralash va tarbiyalash xalqaro darajada yo‘lga qo‘yilgan. Buning uchun Argentina, Vengriya va Xorvatiyadan mutaxassislar jalb qilindi. Shuningdek, «VAR markazi» ham tashkil etildi.

Mirziyoyev markazda futbolchilar va sport faxriylari bilan uchrashib, futbolni yanada rivojlantirish, yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratish zarurligini ta’kidladi. So‘nggi yillardagi yutuqlar – milliy terma jamoaning ilk bor jahon chempionatiga chiqishi hamda o‘smirlar jamoasining Osiyo kubogidagi g‘alabasi O‘zbekiston futbolining yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat ekanini qayd etdi.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Toshkentda qiymati $290 millionlik Olimpiya shaharchasi ochilgani haqida xabar bergan edik.