Gadjetlar

Apple iPhone modellar liniyasini o‘zgartirishi mumkin

Uning o‘rnini iPhone e egallaydi
iPhone 18e
Apple 2026-yilda iPhone 18’ni chiqarishni to‘xtatishi mumkin / Foto: Tom’s Guide

ET News xabariga ko‘ra, Apple 2026-yilda iPhone liniyasini sezilarli darajada yangilashni rejalashtirmoqda. Kompaniya bazaviy iPhone 18 modelini chiqarishdan voz kechib, premium hamda bukiladigan qurilmalarga e’tibor qaratishi mumkin.

Manbalarga ko‘ra, 2026-yil bahorida iPhone 17e taqdim etilishi kutilmoqda. Kuzgi taqdimotda esa iPhone 18 Pro, 18 Pro Max va 18 Air modellari bozorga chiqarilishi mumkin.

So‘nggi yillarda Apple model nomlash tizimini ham o‘zgartirmoqda: masalan, iPhone SE endi iPhone 16e deb atalmoqda, iPhone 16 Plus esa o‘rnini iPhone 17 Air’ga bo‘shatmoqda.

ET News yozishicha, bu strategiya kompaniya sotuvlarini oshirishga qaratilgan. Rejaga ko‘ra, yilning birinchi yarmida ko‘proq modellar taqdim etiladi, ikkinchi yarmida esa premium qurilmalarga urg‘u beriladi. Manbalar ta’kidlashicha, Apple bu rejalar haqida yetkazib beruvchilarini ogohlantirgan.

Shuningdek, kompaniya 2026-yilda ilk bukiladigan iPhone’ni ham namoyish qilishi mumkin. U iPhone 18 Pro Max’dan ham qimmatroq bo‘lishi kutilmoqda. Biroq Apple’ning yirik bukiladigan 18,8 dyuymli qurilmasi (MacBook va iPad gibridi) ishlab chiqarish muddatidan keyinga surilishi mumkinligi haqida ham xabar berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan iPhone 17 Pro va Pro Max 50 dollarga qimmatroq bo‘lishi haqida yozgan edi.