Farg‘onada plastmassa sexi besh mlrd so‘mlik gaz o‘g‘irlagani fosh etildi

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanidagi plastmassa mahsulotlari sexida noqonuniy gazdan foydalanish holati aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Tekshiruv davomida gaz hisoblagichining muhrlari buzilib, maxsus uskuna yordamida tabiiy gaz o‘g‘irlangani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yetkazilgan zarar 4,8 milliard so‘mni tashkil etadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Bundan avval Kursiv Uzbekistan Bo‘ka tumanida yuqori bosimli gaz quvuri zarar ko‘rgani haqida yozgandi. Unga ko‘ra, 18-avgust kuni soat 21:40 da tuman hududidan o‘tgan yuqori bosimli yerosti gaz quvuriga ekskavator shikast yetkazgani uzilish sababiga aylangan.
Natijada tumandagi 12 512 ta xonadon va 267 ta yirik iste’molchiga tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatildi.