
Qozon kabob – o‘zbek oshxonasining eng mashhur va to‘yimli taomlaridan biridir. U ko‘pincha bayramlarda, oilaviy yig‘inlarda va mehmon kutishda tayyorlanadi. Asosiy mahsulotlari – asosan qo‘y go‘shti va kartoshka bo‘lib, ular qozonda dastlab qovurilib, keyin bir necha soat davomida dimlab pishiriladi. Natijada go‘sht nihoyatda yumshoq, kartoshka esa mazali va xushbo‘y bo‘lib chiqadi.
Kursiv Uzbekistan kechki ovqatga qozon kabob qanday tayyorlanishi bo‘yicha retsept bilan o‘rtoqlashadi.
Mahsulot | Miqdori |
---|---|
Qo‘y to‘shi (go‘sht) | 12 dona bo‘lak |
Kartoshka | 15 dona o‘rtacha |
O‘simlik yog‘i | 300 ml |
Suv | 100 ml |
Tuz | Ta’bga ko‘ra |
Zira | Ta’bga ko‘ra |
Kashnich urug‘i | Ta’bga ko‘ra |
Tayyorlash bosqichlari: kartoshkani tayyorlash
Avvalo, kartoshkalarning po‘stini archib, yaxshilab yuvib oling. Butunligicha qoldiring, bu taomga o‘ziga xos ko‘rinish beradi.
Yog‘ni qizdirib, go‘shtni qovurish
Qozonga o‘simlik yog‘ini quying va qizib olguniga qadar kuting. Qo‘y to‘shi bo‘laklarini yog‘da qizartirib, ikki tomoni bir xil rangga kirguncha qovuring. So‘ng ularni alohida idishga oling va ustidan tuz, zira hamda maydalangan kashnich sepib, yaxshilab aralashtiring.
Kartoshkani qovurish
Xuddi shu yog‘da kartoshkalarni ham butunligicha qovuring. Ularning usti biroz qizarib olishi kifoya.
Qozon kabobni tartiblash
Qovurilgan kartoshkalarni qozon tubiga terib chiqing. Ustidan qovurilgan go‘shtni joylashtiring. So‘ngra 100 ml suv quying. Qopqog‘ini yopib, past olovda 1,5–2 soat davomida dimlab pishiring.
Pishirish jarayonini nazorat qilish
Vaqti-vaqti bilan qozonni ochib, go‘sht va kartoshkaning pishgan-pishmaganligini tekshirib turing. Agar suv tez bug‘lanib ketib, go‘sht hali to‘liq pishmagan bo‘lsa, biroz qaynoq suv qo‘shib dimlashni davom ettiring.
Taom to‘liq pishgach, laganlarga solib, ustidan mayda to‘g‘ralgan piyoz va yangi ko‘katlar bilan bezang. Qozon kabobni issiq holda dasturxonga torting. Yoqimli ishtaha!
Avvalroq Kursiv Uzbekistan beshbarmoq qanday tayyorlanishi haqida yozgandi.