Migratsiya agentligi bir oyda 600 nafardan ortiq fuqaroni O‘zbekistonga qaytardi

eʼlon qilindi
«Vatanga qaytarish» xayriya aksiyasi doirasida
Bir oyda 600 dan ortiq fuqaro O‘zbekistonga qaytarildi. Foto: Ivan Sekretarev / AP

O‘zbekistonning 621 nafar fuqarosi xorijda og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolganligi sababli vataniga qaytarildi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

30-iyuldan 30-avgustgacha davom etgan «Vatanga qaytarish» xayriya aksiyasi doirasida Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan fuqarolar turli mamlakatlardan olib kelindi.

Eng ko‘p fuqarolar Rossiyadan – 460 kishi qaytarilgan. Shuningdek, Turkiyadan – 71, AQShdan – 56, Qozog‘istondan – 17, Janubiy Koreyadan – 4, Hindiston, Yaponiya va Polshadan – 3 nafardan, Misrdan – 2, Qirg‘iziston va Saudiya Arabistonidan esa bir nafardan fuqaro olib kelindi.

Qaytarilganlar orasida 326 nafar ayol, 295 nafar erkak va 189 nafar bola bor. Umuman olganda, Migratsiya agentligiga ikki mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan, ulardan 639 tasi vatanga qaytarish bo‘yicha so‘rovlar bo‘lgan.

Aksiya shartlariga ko‘ra, avvalo deportatsiya markazlarida bo‘lgan ayollar va bolalar vatanga qaytarilgan. Shuningdek, xorijda mablag‘siz qolib ketgan fuqarolarga yordam ko‘rsatilgan.

Ular qaytgach davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi: subsidiya, imtiyozli kreditlar, biznes ochishda yordam va ish bilan ta’minlash. Mahalliy hokimiyat va tegishli qo‘mitalar ularning ijtimoiy hamda iqtisodiy hayotga moslashuviga ko‘maklashadi.

Avvalroq xorijdagi o‘zbekistonliklar qurolli mojarolar va jangovar harakatlarda ishtirok etmaslik bo‘yicha ogohlantirilgandi.

Shuningdek